Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi

    Hukumat 22 Noyabr 2022 4398

    Bugun, 22-noyabr kuni Parijdagi anʼanaviy ravishda rasmiy tadbirlar oʻtkaziladigan Faxriylar uyida rasmiy tashrif bilan Fransiya Respublikasida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

    Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Fransiya Respublika gvardiyasi harbiy xizmatchilari saf tortdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi. Gvardiyachilar davlatimiz rahbari oldidan tantanali yurib oʻtdi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari boʻyicha vaziri Olivye Besht faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.

    Marosimdan soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiya Prezidentining qarorgohi – Yelisey saroyiga yoʻl oldi. U yerda oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtadi.