2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini taʼminlash hamda olimpiya sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 25 Iyun 2021 5918

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Joriy yilda Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilarining har tomonlama tayyorgarligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, ularda oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan sportchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatlarini yana-da rivojlantirish maqsadida:

    1.2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlarida (keyingi oʻrinlarda – Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari) ishtirok etadigan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    2.Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (R.Shaabduraxmanov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) zimmasiga quyidagi vazifalarni bajarish yuklansin:

    Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyani qoʻlga kiritgan sportchilar uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarining yakuniy bosqichini samarali va sifatli tashkil etish;

    Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarining ishtirok etishi uchun ularni sport anjomlari (shu jumladan, maxsus sport anjomlari), rasmiy libos va sport ekipirovkasi bilan taʼminlash;

    Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarining ishtirokini taʼminlash uchun ularni kuzatish, joylashtirish, tantanali ravishda kutib olish tadbirlarini tashkillashtirish.

    3. Oʻzbekiston sport delegatsiyasining 2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan yozgi XXXII Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishi va ishtirok etishi xarajatlari smetasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

    2021-yil 24-iyun holatiga Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida qatnashish huquqini beruvchi jami 101 ta litsenziya qoʻlga kiritilgan;

    Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari boshlangunga qadar olimpiya sport turlari boʻyicha qoʻshimcha kvotalar ajratish, paralimpiya sport turlari (paradzyudo, parapauerlifting, parasuzish, paraakademik eshkak eshish va boshqalar) boʻyicha qoʻshimcha 17 ta litsenziyani qoʻlga kiritish kutilmoqda.

    Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini sifatli tayyorlashni tashkil etish boʻyicha Respublika komissiyasi (A.Aripov)ga Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari boshlangunga qadar ularda qatnashish huquqini beruvchi qoʻshimcha litsenziyalar sonidan kelib chiqib mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan 1 va 2-ilovalarga tegishli ravishda komissiya bayoni bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

    Respublika komissiyasi Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik qilish va ishtirok etishning aniq miqdorini belgilasin.

    5. Belgilab qoʻyilsinki:

    a) Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:

    oltin medal uchun – 200 000 AQSH dollari;

    kumush medal uchun – 100 000 AQSH dollari;

    bronza medal uchun – 50 000 AQSH dollari;

    b) mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

    6. Milliy antidoping agentligi (N.Tursunov) Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida:

    sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan samarali antidoping nazoratini amalga oshirsin;

    Oʻzbekiston sport delegatsiyasini antidoping mavzulariga oid tegishli oʻquv-axborot materiallari va turli koʻrgazmali maʼlumotlar bilan taʼminlasin.

    7. Tashqi ishlar vazirligi (A.Kamilov) Oʻzbekiston sport delegatsiyasining Narita xalqaro aeroportida immigratsiya nazoratidan oʻtishiga koʻmaklashsin.

    8. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov):

    Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarining Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida qatnashishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini taʼminlasin;

    kuzatish va kutib olish tadbirlarida xavfsizlikni taʼminlash va jamoat tartibini saqlash, shuningdek, Oʻzbekiston sport delegatsiyasi transport vositalarining Toshkent shahar hududida kuzatuvini tashkil etish boʻyicha zarur tashkiliy choralarni koʻrsin.

    9. Transport vazirligi (I.Maxkamov):

    Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi talabnomalariga asosan joriy yilning iyul-sentyabr oylarida Tokio shahriga reyslar tashkil etilishi, shuningdek, Oʻzbekiston sport delegatsiyasi uchun aviachiptalar bron qilinishini;

    “Toshkent-Tokio-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha charter reyslari tashkil etilishi va amalga oshirilishini;

    Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolariga tegishli boʻlgan sport anjomlari va jihozlarining Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali bepul oʻtkazilishini;

    Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportining umumiy zalida “yashil yoʻlak” tashkil qilish va mazkur yoʻlak orqali Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarini kuzatishni taʼminlasin.

    10. Davlat bojxona qoʻmitasi (M.Azimov) Oʻzbekiston sport delegatsiyasi va ularning qoʻl yuklari (sport ovqatlari, sport anjomlari, jihozlar, tibbiy asbob-uskunalar va preparatlar hamda boshqalar) bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish ishlari tezkorlik bilan amalga oshirilishini taʼminlasin.

    11. Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (R.Shaabduraxmanov) hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) “Dori-Darmon” AK (U.Salixbayeva), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) bilan birgalikda Oʻzbekiston sport delegatsiyasini zarur boʻlgan jihozlar, tibbiy asbob-uskunalar va preparatlar bilan taʼminlasin.

    12. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) sportchilarning Olimpiada oldi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ishtiroki toʻgʻrisida qisqa metrajli videoroliklar hamda maxsus koʻrsatuvlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

    13. Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (R.Shaabduraxmanov) va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) bilan birgalikda besh kun muddatda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari davomida tashkiliy ishlarni tezkorlik bilan hal qilish va muvofiqlashtirish maqsadida milliy shtablarni tashkil etsin va faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

    14. Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun sport anjomlari, jihozlar, uskunalar, delegatsiya rasmiy liboslari, sport kiyimlari (ekipirovkasi), sport tibbiyoti jihozlari, tibbiy-biologik preparatlar xarid qilish boʻyicha xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalarni, shuningdek, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari boʻlib oʻtadigan sport bazalari, yotoqxona, sport zallari va sport jihozlari ijaralari toʻgʻrisida hamda ovqatlanishni tashkil qilish yuzasidan shartnomalarni, istisno tariqasida, davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida tegishli eʼlon joylashtirmasdan va elektron savdolarsiz, tendersiz, toʻgʻridan-toʻgʻri rasmiylashtirish va toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.

    15. Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hamda sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritsin:

    a) bir oy muddatda – olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, bu borada kollejlardagi sport taʼlim yoʻnalishlarining olimpiya sport turlari bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash, hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning yangi tizimini joriy qilish, trener va mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirish tizimini yaxshilash boʻyicha;

    b) 2021-yil 1-dekabrga qadar:

    jamoaviy sport turlari (basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, voleybol va boshqalar)ni rivojlantirish va ommalashtirish, bu borada iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) tizimini joriy qilish, tuman (shahar), viloyat, respublika va xalqaro musobaqalar va turnirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish, trener va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha;

    suv sporti turlari (suv polosi, suzish, sinxron suzish, suvga sakrash va boshqalar)ni rivojlantirish, suv sporti saroylarini barpo etish, xususiy suv sporti maktablarini tashkil etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha.

    16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduxakimov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi R.M.Shaabduraxmanov va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.M.Tashxodjayev belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 25-iyun