Suhbatda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni, avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport, hududlararo va gumanitar almashinuv sohalarida, boshqa ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirishga xizmat qiladigan qoʻshma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha hukumatlararo komissiya, shuningdek, Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiya va Chegaradosh viloyatlar rahbarlari kengashi ishini faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatlariga qarshi kurashish masalalarida harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish va koʻmaklashishni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston qardosh Qirgʻiziston xalqining tinch va barqaror taraqqiyot, farovonlik va ravnaq sari intilishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.