Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 27 Iyun 2022 1477

    Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov TIV Hayʼat yigʻilishini oʻtkazdi. Tadbirda vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlik boshqarmalari boshliqlari, chet eldagi vakolatxonalar hamda TIV tasarrufidagi muassasalar rahbarlari ishtiroki etdi.

    Majlisga, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti rektorlari taklif etildi.

    Hayʼat kun tartibiga muvofiq TIV tizimining kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama etildi.

    Vazirlik tizimida personalni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, xodimlarning malakasini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda oshirish, yosh mutaxassislarni jalb etish, diplomatik kadrlarni “TIV markaziy apparati – chet eldagi diplomatik faoliyat – akademik faoliyat” tamoyili asosida almashinuvi tizimini joriy etish, TIV ehtiyojlaridan, tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya sohasidagi dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda tarmoq oʻquv yurtlarining oʻquv dasturlarini yangilash, Oʻzbekiston OTMlari bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida “Yoʻl xaritalarini” ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida “Yosh diplomatlar klubi” ni tashkil etish rejasi eʼlon qilindi.

    Yigʻilishda Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi vakolatxonalarning iqtisodiy diplomatiya sohasidagi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Bu borada idoralararo samarali hamkorlikni taʼminlash, xorijiy davlatlar va xalqaro institutlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni jadallashtirish, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni jalb etish boʻyicha ishlarni kuchaytirish, tashqi iqtisodiy sohada qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan qatʼiy nazorat qilish muhimligi qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Alisherbek Paygamov ishtirok etdi.