Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qirgʻiz Respublikasidagi vaziyat yuzasidan bayonoti

    Tashvishli xabar 6 Oktabr 2020 934

    Qirgʻiz Respublikasida yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji Oʻzbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uygʻotmoqda.

    Oʻzbekiston yaqin qoʻshni va strategik sherik sifatida qardosh Qirgʻizistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi.

    Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashga qatʼiy sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.

    Qirgʻizistonning barqarorligi va mustahkam rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va farovonligining muhim omili hisoblanadi.

    Hozirgi murakkab vaziyatda biz Oʻzbekistonda koʻp asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy hamda maʼnaviy qadriyatlar bilan mustahkam bogʻlangan birodar Qirgʻiziston xalqiga har tomonlama koʻmak koʻrsatishga tayyormiz.