Goʻyoki noqonuniy kuch ishlatish orqali “tinch mitingni tarqatish”, jumladan, favqulodda holat eʼlon qilish orqali “mustaqil ovozlarni yopish va axborot oqimini toʻsish” haqida asossiz bayonotlar berilyapti.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpogʻistondagi voqealar yuzasidan aniqlik kiritib, bu borada batafsil va xolis axborot taqdim etadi.
2022-yil 1-2-iyul kunlari Nukus shahrida Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zoʻravonlik, otishma va kuch ishlatish orqali egallab olishga harakatlar tashkil etildi.
Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar tinch, yagona, demokratik mamlakatda ayirmachilik, beqarorlik va boʻlinishni qoʻzgʻatishga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan sabotajdan yaqqol dalolat berdi.
Dushman kayfiyatdagi kuchlar populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda, uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar. Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini koʻrishga majbur qildi.
Ommaviy vayrongarchilik va vahshiyliklar chogʻida Joʻqorgʻi Kenges (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning oʻqotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka oʻt qoʻyish, buzish va yoʻq qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga urinishlar kuzatilgan.
Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olgan, jumladan ularning 23 nafari ogʻir ahvolda qolyapti. Davlat organlarining jami 270 nafar xodimi turli darajadagi tan jarohatlar oldilar.
Tartibsizliklar ishtirokchilarining vahshiyligi odamlarning ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasi boʻlib, fuqarolarning tinch namoyishlari sifatida tasniflanishi joiz emas.
Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida, ilgari aytib oʻtilganidek, 18 kishi vafot etdi. Shuni taʼkidlash kerakki, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining koʻpchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan shaxslardan iborat edi.
Oʻzbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan qoʻlga kiritish, ayirmachilik gʻoyalarini targʻib qilish, aholi oʻrtasida oʻzaro nafratni qoʻzgʻatish, ommaviy tartibsizliklar va zoʻravonlikka chorlashga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni qatʼiy qoralaydi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar va huquqni muhofaza qilish organlarining oqilona saʼy-harakatlari tufayli noqonuniy tadbirlarga chek qoʻyildi.
Ayni paytda Qoraqalpogʻistondagi voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilyapti. Inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida Oʻzbekiston shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga toʻliq rioya etish, shuningdek, tegishli tartib-qoidalar hamda adolatli sud kafolatini taʼminlash tarafdoridir. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlarga yetkaziladi.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpogʻistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar huquqiy tartib-qoidalar doirasida amalga oshirilyapti hamda, birinchi navbatda, inson hayoti va salomatligiga nisbatan tahdidlarga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda mobil aloqa toʻliq faoliyat yurityapti, oziq-ovqat doʻkonlari, bozorlar, novvoyxonalar, banklar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlar faoliyat koʻrsatyapti. Elektr energiyasi, gaz va suv muntazam ravishda yetkazib berilyapti.
Oʻzbekiston tegishli davlat organlari har kuni jamoatchilikni Qoraqalpogʻistondagi vaziyat haqida xabardor qilib boryapti. Shu munosabat bilan, mazkur mavzu yuzasidan maʼlumotlar yoʻqligi haqidagi bayonotlar asossizdir.
Hech bir kuch Oʻzbekiston Respublikasiga demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, har bir fuqaroning shaʼni, qadr-qimmati, farovonligi, manfaatlariga gʻamxoʻrlik qiladigan insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlatni barpo etish va mustahkamlash yoʻlida ishonch bilan harakatlanishiga toʻsqinlik qila olmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari boʻyicha tashkilotlarni Qoraqalpogʻistondagi voqealarga xolisona yondashish, turli ishonchsiz manbalarga tayanib, bir tomonlama va shoshilinch xulosa qilmaslik va asossiz bayonotlar eʼlon qilmaslikni soʻraydi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot, shu jumladan insonning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalarida hamkorlik tarafdori boʻlib qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi.