Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida davra suhbati boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 16 Avgust 2022 667

    Maʼlumki, 2022-yil 8-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xodimlari ishtirokida mazkur hujjat mazmuniga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Agentlik vakillari Qonunning maqsadlari, mohiyati va qoʻllanish sohalari haqida taqdimot oʻtkazdi. Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun 118 mingdan ortiq kishi faoliyat yuritadigan davlat xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi.

    Qonunga koʻra, davlat fuqarolik xizmatining prinsiplari davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi, qonuniylik, adolatlilik, xalqqa xizmat qilish, davlat organlarining va mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldida masʼulligi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, xolislik, professionallik, kompetentlik va boshqalar.

    Hujjatda davlat fuqarolik xizmatiga kirish tartibi va shartlari ifoda etilgan hamda birinchi marta davlat xizmatchisining huquqiy maqomi, davlat xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi, mustahkamlab qoʻyilgan.

    Qonunda davlat xizmatida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Davra suhbati doirasida diplomatlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.