Muloqotda ikki mamlakat hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy hamda xalqaro kun tartibiga oid masalalar muhokama etildi.

Tomonlar 2019-yilda munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan so‘ng savdo, investitsiya va madaniyat sohasidagi almashinuvlar yangi tarixiy bosqichga qadam qo‘yilganini o‘zaro ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil dekabr oyida Seulga amalga oshirgan davlat tashrifi muhim voqyelik bo‘lib, uning pirovardida raqamlashtirish, «yashil» taraqqiyot, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish kabi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari belgilab olindi.

Chinakam strategik sohalar hisoblanuvchi sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbollari muhokama etildi.

Vazirlar mintaqaviy xavfsizlikni saqlash va tinchlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro yondashuv va pozitsiyalarning o‘xshashligini qayd etdilar.

O‘zbekiston Seulning Koreya yarim orolida mustahkam tinchlik o‘rnatish va Koreyalararo muloqotni tiklash bo‘yicha sa'y-harakatlarini izchil qo‘llab-quvvatlab keladi.

Koreya tomoni mamlakatimizning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish, Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy va transport-logistika loyihalariga jalb etish borasidagi siyosatini yuqori baholaydi.

Uchrashuvda an’anaviy siyosiy maslahatlashuvlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning faol sur’atini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashvi ishlar vairligi matbuot xizmati.