O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 6 Aprel 2021 3647

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Sportda doping qo‘llanilishining oldini olish va dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, Sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, Butunjahon antidoping kodeksi va boshqa xalqaro antidoping standartlari talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, Butunjahon dopingga qarshi agentligining tavsiya va takliflarini inobatga olib:

    1. Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi,Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining:

    Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini 2 baravarga ko‘paytirish;

    2021 yil 1 apreldan boshlab Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Agentlik xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlarini 1,5 baravar miqdorda qo‘llash;

    Agentlik bosh direktorini maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligining yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Agentlik bosh direktoriga Agentlikning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

    3. Agentlik (N.Tursunov):

    a) Butunjahon dopingga qarshi agentligining talablaridan kelib chiqib bir oy muddatda:

    taqiqlangan moddalardan foydalanish borasida sportchilarning ariza va hujjatlarini o‘rganib, xulosa chiqarish bilan shug‘ullanadigan Terapevtik istisno bo‘yicha komissiya;

    antidoping qoidalari buzilishi holatlarini o‘rganib, qaror chiqarish bilan shug‘ullanadigan Axloq bo‘yicha komissiya;

    Terapevtik istisno bo‘yicha komissiya xulosasi va Axloq bo‘yicha komissiya qaroridan norozi tomonning arizasini o‘rganib, qaror chiqarish bilan shug‘ullanadigan Apellyatsiya bo‘yicha komissiya faoliyatlarini samarali tashkil qilsin, ularni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

    b) ikki hafta muddatda ushbu qarorning mazmun-mohiyatini Butunjahon dopingga qarshi agentligiga yetkazish choralarini ko‘rsin.

    4. Moliya vazirligi (T.Ishmetov):

    Agentlik markaziy apparati uchun 2 ta maxsus avtotransport vositasini xarid qilish va saqlash uchun limit ajratsin;

    ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Agentlik xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha 2021 yilgi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag‘ ajratsin va 2022 yildan boshlab zarur byudjet mablag‘larini ko‘zda tutsin.

    5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Agentlikni zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan binoga joylashtirish choralarini ko‘rsin.

    6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 6 aprel