2024-yil 10-oktyabr kuni Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markazining (ICSID) arbitraj tribunali “Bursel Tekstil Sanayi Ve Diş Ticaret A.Ş.” (Turkiya) kompaniyasi va Turkiya Respublikasi fuqarolari (Bursel kompaniyasi) daʼvosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi ochilgan xalqaro arbitraj ishi boʻyicha qarorini chiqardi.
Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Qayd etilishicha, daʼvo miqdori taxmiman 700 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Ushbu chiqarilgan arbitraj tribunali qaroriga koʻra, Bursel kompaniyasining barcha daʼvolari rad etilib, ularga Oʻzbekiston tomonining arbitraj xarajatlarini qoplab berish belgilangan.
Arbitraj ishi Bursel kompaniyasi tashabbusi bilan 2017-yilning iyul oyida boshlanib, qariyb 7-yil davom etgan.
Arbitraj qoidalariga koʻra, arbitraj tribunali qarori yakuniy va majburiy hisoblanadi.
Mazkur arbitraj ishida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda White&Case xalqaro yuridik firmasi (Vashington, AQSH) tomonidan taʼminlandi.
Bursel kompaniyasining manfaatlarini himoya qilish “Başpinar & Partners Law Firm”, “Beckett Law LLC”, “Cooley LLP”, “Cooley LLP (2020-yilga qadar), «Freshfields Bruckhaus Deringer LLP” (2022-yilga qadar) xalqaro yuridik firmalari tomonidan taʼminlandi.








