“Oʻzbekiston Respublikasida munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan mamlakat dasturi” imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 23 Sentabr 2021 1155

    Poytaxtimizda Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan “Oʻzbekiston Respublikasida munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan Mamlakat dasturi” imzolashga bagʻishlangan videokonferensaloqa shaklidagi tadbir boʻlib oʻtdi.

    Unda Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti masʼullari, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Oʻzbekiston ish beruvchilar Konfederatsiyasi raisi va boshqalar ishtirok etdi.

    T.Narbayeva Oʻzbekiston Respublikasining Munosib mehnat boʻyicha 2014-2020-yillarga moʻljallangan mamlakat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani hamda Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasidagi samarali hamkorlikni asosi boʻlganligini taʼkidladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda 2014-yildan buyon yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish, fuqarolar mehnat huquqlarini himoya qilish, bu borada yaqin hamkorlikda qator ishlarni amalga oshirib kelinayotgani, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyishda “Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha mamlakat dasturi”ning qabul qilingani va amalga oshirilgani taʼkidlandi.

    Dasturda mamlakatda fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish masalalariga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro mehnat normalarini amaliyotga tatbiq etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilganiga eʼtibor qaratildi.

    Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlik qilinayotgani, ushbu tashkilotning 18 ta, shu jumladan, 8 ta asosiy va 4 ta direktiv konvensiyasi ratifikatsiya qilingani Oʻzbekiston mehnat qonunchiligini xalqaro mehnat standartlariga moslashtirish va takomillashtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

    Uchrashuvda “Oʻzbekiston Respublikasida munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan mamlakat dasturi” imzolanib, ijroga yoʻnaltirildi hamda dasturning amaliyotga tatbiq etilishida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishilib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.