Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 3 Sentabr 2020 9343

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Mamlakatimizda pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlarining mavjud salohiyatini har tomonlama ishga solish hamda ishlab chiqarish korxonalarining rentabelligini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish orqali ushbu sohalarni qayta tiklash va rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, mazkur tarmoqlardagi infratuzilma resurslaridan samarali foydalanilishini taʼminlash, nasl koʻrsatkichlarini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha faoliyatni kuchaytirish talab etilmoqda.

    Pillachilik va qorakoʻlchilikni jadal rivojlantirishni taʼminlash, pillachilik va qorakoʻlchilik klasterlarini tashkil qilgan holda xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, joylarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida:

    1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

    2021-yil 1-iyulga qadar respublikaning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda mayda shohli nasldor mollarni koʻpaytirish, shuningdek, mol soʻyish, teri va junni qayta ishlash, goʻsht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish boʻyicha qorakoʻlchilik klasterlari (keyingi oʻrinlarda – klasterlar) tashkil qilinadi;

    klasterlarga qorakoʻl zotli qoʻylarini boqishga moʻljallangan, shu jumladan, oʻrmon bilan qoplanmagan oʻrmon fondi yerlaridan yaylovlar ijaraga beriladi;

    klasterlarga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qoʻllagan holda mayda shohli nasldor mollarni koʻpaytirish, klaster ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish boʻyicha majburiyatlar yuklanadi;

    klasterlar Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan yaqindan hamkorlik qiladi;

    2021-yil 1-yanvardan boshlab klasterlarga hududlarda shaxtali va tik quduqlar, shuningdek, suv tortish uchun nasos stansiyalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi “Pillachilik tarmogʻida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4567-son qarori 2-bandida nazarda tutilgan 120 million soʻmgacha miqdorda subsidiyalar berish tartibi qoʻllaniladi;

    Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda – Uyushma) aʼzolari – klaster ishtirokchilariga mayda shohli nasldor mol xarid qilish va koʻpaytirish, shuningdek, mol soʻyish, ozuqa bazasini yaratish, yarim tayyor va tayyor, shu jumladan, goʻsht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish, teri va junni qayta ishlash hamda binolarni rekonstruksiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash loyihalarini moliyalashtirish uchun 2020-2023 yillarda ajratiladigan bank kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplashga, loyihalar hajmi, soni va ularni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan valyuta turidan qatʼi nazar, tijorat banklari tomonidan oʻrnatilgan foiz stavkasining 50 foizi, biroq 10 foizlik punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiyalar beriladi;

    Uyushma aʼzolariga qoʻl mehnati uchun uskunalar xarid qilish boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish oʻrni yaratish sharti bilan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

    2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birga 2021-yil 1-iyulga qadar tashkil etilayotgan klasterlarga ozuqa bazasini yaratish uchun foydalanishga kiritilayotgan qishloq xoʻjaligi maydonlaridan 1-ilovaga muvofiq ajratib berilishini taʼminlasin.

    3. Moliya vazirligi 2020-yil 1-oktyabrga qadar Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi huzuridagi Qorakoʻlchilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi “Qorakoʻlchilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4420-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilishi lozim boʻlgan mablagʻlarning qolgan qismini ajratsin.

    4. 2021-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasida qorakoʻlchilikni rivojlantirishning maqsadli parametrlari 2–2.13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    5. Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) tashkil etilsin.

    Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifasi etib belgilansin:

    pillachilik va qorakoʻlchilik sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni taʼminlash;

    tut plantatsiyalari va yaylovlarning qatʼiy hisobini yuritish va fondini oʻrganish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash;

    ipak qurti va qorakoʻl zotli qoʻylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish;

    pilla va qorakoʻl terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xomashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish;

    marketing tadqiqotlarini oʻtkazish hamda ipak va qorakoʻldan tayyorlangan mahsulotlarni eng avvalo tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish;

    pillachilik va qorakoʻlchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish;

    6. Belgilansinki:

    a) qorakoʻl zotli qoʻylarni koʻpaytirishga moʻljallangan barcha yaylovlar Qoʻmitaning doimiy egaligiga oʻtkaziladi;

    b) yaylovlar klasterlarga Qoʻmita tomonidan mustaqil ravishda, shu jumladan, nol stavkada ijaraga beriladi;

    v) oʻrmon fondining oʻrmon bilan qoplanmagan yerlaridagi yaylovlar keyinchalik Qoʻmita tomonidan klasterlarga, shu jumladan, nol stavkada ikkilamchi ijaraga berish uchun Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan 3-ilovaga muvofiq Qoʻmitaga nol stavkada ijaraga beriladi;

    g) quyidagilar klasterlarni tashkil qilish shartlari hisoblanadi:

    Qoʻmita, tashabbuskor hamda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida tashabbuskorga yaylovni ijaraga berishni, shuningdek, tomonlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi shartnoma tuzilishi;

    tashabbuskor tomonidan yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qoʻllagan holda mayda shohli nasldor mollarni koʻpaytirish, klaster ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish boʻyicha majburiyatlar qabul qilinishi;

    d) naslchilik chorvachilik subyektlarini davlat attestatsiyasidan oʻtkazish va naslchilik chorvachilik xoʻjaligi maqomi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni berish qorakoʻlchilikka taalluqli qismida Qoʻmita bilan birgalikda amalga oshiriladi.

    7. Qorakoʻl zotli qoʻylarni koʻpaytirishga moʻljallangan Yaylovlarni xatlovdan oʻtkazish va holatini oʻrganish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

    Komissiya 2020-yil 15-oktyabrga qadar qorakoʻl zotli qoʻylarni koʻpaytirishga moʻljallangan mavjud yaylovlar Qoʻmitaning doimiy egaligiga oʻtkazilishini taʼminlagan holda, yalpi xatlovdan oʻtkazsin.

    Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Qoʻmitaning doimiy egaligiga berilayotgan yaylovlarning kadastr pasportlari tayyorlanishini va kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishini toʻlov undirilmasdan taʼminlasin.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 2020-yil 1-noyabrga qadar qorakoʻl zotli qoʻylarni koʻpaytirishga moʻljallangan yaylovlarni xatlov natijalari yakunlariga koʻra Qoʻmitaning doimiy egaligiga oʻtkazsin.

    8. Quyidagilar:

    Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti – “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi ixtiyoridan;

    Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti –Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ixtiyoridan;

    Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi – “Oʻzchorvanasl” agentligi ixtiyoridan Qoʻmitaga oʻtkazilsin.

    9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Jahon bankining amalga oshirilayotgan loyihasi (15 million yevro) va Fransiya taraqqiyot agentligi bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi (16 million yevro) doirasidagi ikkita grant liniyalari yuqorida koʻrsatilgan ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnika bazasi, laboratoriya uskunalarini modernizatsiya qilish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularga xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

    10. Qoʻmita Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:

    Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlarida tashkil qilinayotgan, qishloq xoʻjaligidagi bilim va innovatsiyalar tizimini oʻz ichiga olgan Agroxizmatlar markazlari bilan chuqur integratsiyalashuvini;

    pillachilik va qorakoʻlchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga Agroxizmatlar markazlari orqali bilimlar berish, ularni ilmiy-amaliy qoʻllab-quvvatlash va xizmatlar koʻrsatish tizimi joriy etilishini taʼminlasin.

    11. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipak (TIF TN kodi – 5002 va 5003)ni olib chiqishda 2021-yil 1-yanvardan eʼtiboran olib chiqiladigan ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipakning har bir kilogrammi uchun 0,05 AQSH dollari miqdorida yigʻim undiriladi.

    12. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Pillachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil qilinsin va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipak (TIF TN kodi – 5002 va 5003)ni olib chiqishda undiriladigan yigʻimlardan toʻliq hajmdagi tushumlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar uning mablagʻlarini shakllantirish manbai etib belgilansin.

    13. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Qoʻmita boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

    2021-2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand veterinariya meditsinasi instituti filiallarida qorakoʻlchilik sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha maxsus yoʻnalishlar ochishni nazarda tutsin;

    Samarqand veterinariya va meditsina texnikumida mayda shohli mollarni koʻpaytirish hamda ipak qurti yetishtirish boʻyicha kadrlar tayyorlanishini taʼminlasin;

    Margʻilon shahridagi 1-son kasb-hunar maktabida ipak qurti yetishtirish, xom ipakni qayta ishlash va ipakdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha kadrlar tayyorlanishini taʼminlasin;

    Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti ularga mayda shohli mollarni va ipak qurtini koʻpaytirish boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil qilishda ilmiy-metodik yordam koʻrsatish vazifasini yuklagan holda tegishincha Samarqand veterinariya va meditsina texnikumiga va Margʻilon shahridagi 1-son kasb-hunar maktabiga biriktirilsin.

    14. Ushbu Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

    a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

    2020-yil 1-noyabrga qadar qorakoʻl zotli qoʻylarni koʻpaytirishga moʻljallangan mavjud yaylovlarni yalpi xatlovdan oʻtkazishda Komissiyaga koʻmaklashsin;

    yaylovlar oʻz vaqtida Qoʻmitaning doimiy egaligiga oʻtkazilishini hamda ozuqa bazasini yaratish uchun klasterlarga yer uchastkalari ajratilishini taʼminlasin;

    b) Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi 2020-yil 1-noyabrga qadar ushbu Farmonning 3-ilovasida nazarda tutilgan yaylovlar nol stavkada ijaraga berilishini taʼminlasin;

    v) Qoʻmita 2021-yil 1-iyulga qadar:

    klasterlar tashkil qilish va ularga yaylovlarni ijaraga berish uchun tashabbuskorlarni, shu jumladan, chet ellik tadbirkorlar orasidan tanlab olsin;

    ishtirokchilarning klasterlar faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha aniq majburiyatlarini belgilagan holda, tashabbuskorlar hamda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bilan shartnomalar tuzsin;

    klaster ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya aloqalari oʻrnatilishini taʼminlasin;

    olis choʻl hududlarida mayda shohli nasldor mollarni sugʻorish uchun mavjud inshootlar (tik va shaxtali quduqlar)ni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan dasturni tasdiqlasin.

    15. Qoʻmita bir oy muddatda:

    Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipakni olib chiqish ustidan monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    16. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,
    2020-yil 2-sentyabr