O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 9 Aprel 2021 3337

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Bugungi kunda energiya resurslariga bo‘lgan talab tarkibiy jihatdan o‘zgarmoqda, xususan uglevodorod resurslaridan qayta tiklanuvchi manbalarga o‘tishda vodorod energetikasini rivojlantirish dolzarb masalaga aylanmoqda.

    Shu bilan birga, soha holatining tahlili iqlim o‘zgarishi sharoitida respublikada samarali, resurstejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

    Xususan, jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining o‘sishi iqtisodiyotning energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirmoqda, shuningdek, atrof-muhitga salbiy antropogen ta’sirni kuchaytirmoqda.

    Respublikaning energetika xavfsizligini mustahkamlash uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini barqaror rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ushbu sohaning ilmiy salohiyatini kuchaytirish talab etiladi.

    Respublikada vodorod energetikasi infratuzilmasini barpo etish, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida ilmiy va amaliy izlanishlarning natijadorligini oshirish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishini ta’minlash maqsadida:

    1. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Energetika vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining:

    Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJ negizida Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini (keyingi o‘rinlarda – Institut);

    Institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazini hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    2. Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha idoralararo komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:

    Institut faoliyatining tashkil etilishini muvofiqlashtirish;

    qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni, shuningdek, ushbu sohalardagi istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishini ta’minlash;

    qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida zarur tadqiqotlar o‘tkazish hamda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarida vazirlik va idoralarga ko‘maklashish;

    qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish hamda ilmiy-texnikaviy loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash.

    3. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:

    qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish, ushbu sohalarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;

    qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodoroddan olingan energiyani elektr hamda issiqlik energiyasiga aylantirish hisobiga ulardan iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari va tarmoqlarida samarali foydalanish usullarini o‘rganish va joriy etish;

    qayta tiklanuvchi energiya va vodorodni ishlab chiqarish, yetkazib berish va ulardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va (yoki) ularni xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar talablariga moslashtirish;

    ilg‘or davlatlarning mazkur sohalardagi ilmiy muassasalari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik o‘rnatish va ular ishtirokida tadqiqotlarni tashkil qilish, shuningdek, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularda ishtirok etish;

    mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy izlanishdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zaro bog‘lovchi yaxlit tizimni shakllantirish va yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash;

    qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorodni ishlab chiqaruvchi, ulardan foydalanuvchi hamda ushbu turdagi energiya bilan ishlovchi uskuna, qurilma va texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish
    va sertifikatlash.

    4. Belgilab qo‘yilsinki:

    Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna va bank hisobvaraqlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi;

    Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;

    Institut tugatilayotgan “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJga tegishli Toshkent shahar, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 2B-uy, 2-korpus manzilidagi mavjud hamda yangidan quriladigan bino va inshootlarda joylashtiriladi;

    “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJning tugatilishi paytida Institutga o‘tkaziladigan mulklar, mulkiy huquqlar, xususan aksiyalar va ustav kapitallaridagi tegishli ulushlarning qiymati barcha turdagi soliqlar bo‘yicha soliqqa tortish ob’ekti hisoblanmaydi;

    Institut “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJning huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

    5. Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilova muvofiq tasdiqlansin.

    6. Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda Institut faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

    a) Energetika vazirligi (A.S.Sultanov):

    Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov), Fanlar akademiyasi (S.Z.Mirzayev) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.K.Abdinazarov) bilan birgalikda bir oy muddatda Institutni jihozlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, texnologik qurilmalar, reagentlar, butlovchi qismlar, inventarlar, avtotransport vositalari, maxsus texnika hamda dasturiy ta’minotlar ro‘yxatini shakllantirsin hamda belgilangan tartibda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan o‘tkazsin;

    2021 yilda Institut faoliyatini tashkil etish, shu jumladan, uning moddiy-texnik bazasini shakllantirish va mustahkamlash, shakllantirilgan ro‘yxatga muvofiq tovarlarni xarid qilish, Institut binosini ta’mirlash, belgilanayotgan yo‘nalishlarda tadqiqotlarni jadallashtirish, innovatsiyalarni keng joriy qilish, yetakchi xorijiy olimlarni tadqiqotlarga jalb qilish, xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun Energetika vazirligining byudjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘mgacha mablag‘larni ajratsin;

    b) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) 2022 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining har yilgi tasdiqlanadigan xarajatlar parametrlarida Institut faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.

    7. Energetika vaziriga:

    zarur bo‘lganda, Institut xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida uning tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish;

    Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Institut yo‘nalishlarini kengaytirishga bog‘liq ravishda Institut xodimlarining umumiy sonini oshirish huquqi berilsin.

    Bunda, Energetika vazirligi (A.S.Sultanov) Institut faoliyatiga qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohasida amaliy ishlanmalarni yaratishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda va boshqa ustuvor vazifalarni bajarishda autsorsing mexanizmlari doimiy ravishda joriy etilishini ta’minlasin.

    8. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

    O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari;

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida o‘tkaziladigan tanlovlar natijalariga ko‘ra ajratiladigan mablag‘lar;

    Energetika vazirligining byudjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

    Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mablag‘lari;

    respublika va xalqaro moliya tashkilotlarining texnik ko‘maklari va grantlari;

    Institut tomonidan shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    9. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) Energetika vazirligi (A.S.Sultanov), “El-yurt umidi” jamg‘armasi (A.Sh.Bekmurodov), Fanlar akademiyasi (S.Z.Mirzayev), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (U.Sh.Begimkulov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.K.Abdinazarov) bilan birgalikda Institutning ilmiy va ilmiy-texnik xodimlarining, shuningdek, respublikada ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan yosh olim va mutaxassislarning rivojlangan xorijiy davlatlardagi yetakchi ilmiy markazlarda belgilangan tartibda ilmiy stajirovkadan o‘tishini moliyalashtirishni ta’minlasin.

    10. Energetika vazirligi (A.S.Sultanov):

    ikki oy muddatda Institutning ustavi, uning moliyaviy-iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda, tuzilmasi hamda Institut xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tartibi ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini;

    Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.K.Abdinazarov) bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.

    11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.X.Toshkulov) hamda Energetika vazirligi (A.S.Sultanov) bilan birgalikda:

    bir oy muddatda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti bakalavriatining “Muqobil energiya manbalari” (turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul parametrlarini vodorod energetikasi yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutgan holda oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Vodorod energetikasi va texnologiyalari” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.

    12. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) Energetika vazirligi (A.S.Sultanov), manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

    ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, mamlakatda vodorod energetikasining rivojlanishi holati bo‘yicha yillik hisobotni tayyorlash va “InnoWeek.uz” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida uning taqdimotini o‘tkazish amaliyotini joriy etsin;

    ikki oy muddatda 2021 yilda Toshkent shahrida xalqaro moliya institutlari, yetakchi xalqaro ekspertlar, xorijiy tadqiqot markazlari hamda texnologik uskunalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirokida muqobil energiya manbalarini qo‘llash masalalariga doir xalqaro konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda amalga oshirsin.

    13. Energetika vazirligi (A.S.Sultanov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A.Vafayev), Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov) hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) bilan birgalikda Energetika vazirligi va “ACWA Power”(Saudiya Arabistoni), “Air Products” (AQSH) o‘rtasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha tuzilgan ochiq kelishuvga muvofiq “ACWA Power”, “Air Products” va boshqa yetakchi kompaniyalarning investitsiyalari va ilmiy xodimlarini Institutning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va xalqaro darajadagi innovatsion izlanishlarni kengaytirish ishlariga jalb qilsin.

    14. “O‘zstandart” agentligi (D.N.Sattarov) belgilangan tartibda Institut laboratoriyalarining akkreditatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlasin hamda keyinchalik ushbu laboratoriyalar akkreditatsiya sohasidagi xalqaro standartlar va qoidalar talablarini hisobga olgan holda, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan akkreditatsiya organlarida akkreditatsiyadan o‘tishiga ko‘maklashsin.

    15. Institutning moddiy-texnik bazasini shakllantirish va mustahkamlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan olib kirilayotgan uskunalar, texnologik qurilmalar va jihozlar, moddiy-texnika vositalari, dasturiy ta’minot va xizmatlar bojxona bojlaridan ozod qilinsin.

    16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4142-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritilsin.

    17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

    18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov va energetika vaziri A.S.Sultanov belgilansin.

    Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 9 aprel