Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Ikrom Oʻtbosarov vafot etdi

    Tashvishli xabar 22 Oktabr 2020 2667

    Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, 1991-yildan buyon “Xalq soʻzi” gazetasida faoliyat yuritib kelgan ustoz ijodkor Ikrom Oʻtbosarov 72 yoshida vafot etdi.

    Shu munosabat bilan “Yangi Oʻzbekiston” — “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etadi.

    U kishining nomi respublikamiz ijod ahli orasida yuksak ehtirom bilan tilga olinadi.

    Ikrom Oʻtbosarov 1948-yil 27-martda Fargʻona viloyati Beshariq tumanida tugʻildi.

    ToshDU(hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

    U oʻz mehnat faoliyatini 1970-yilda “Lenin uchquni”(hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida boshlagan.

    1991-yildan buyon “Xalq soʻzi” gazetasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

    Ustoz jurnalist koʻplab publitsistik maqolalar, ocherklar bilan birgalikda “Choʻqqilarga eltuvchi yoʻllar” va “Vatanda safar qil...” kitoblari muallifi hamdir.

    U Oʻzbekiston Respbulikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist faxriy unvoni, “Shuhrat” medali, “Mustaqillikning 1 yilligi”, “Mustaqillikning 25 yilligi”, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishonlari sohibi, “Yilning eng yaxshi jurnalisti” tanlovi gʻolibi, “Oltin qalam” xalqaro tanlovi sovrindori boʻlgan.

    Ikrom Oʻtbosarovning yorqin xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi.