Mazkur qonun loyihasi bilan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan tadbirkor” faxriy unvonini taʼsis etish va qonun hujjatlarida buning huquqiy asoslarini mustahkamlash, “Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi va “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish belgilanmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yangi ish oʻrinlari yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, eksport qilish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchaga namuna boʻladigan hamda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini tizimli taqdirlash imkonini beradi.

Shu bilan birga, ushbu unvonni taʼsis etish orqali tadbirkorlarning mamlakatimiz taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasiga eʼtiborni qaratish va baholash, katta yutuqlarga erishgan va jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarni aniqlash hamda ularni taqdirlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va biznesga qiziqishni yuksaltirish maqsadiga erishiladi. Majlisda mazkur qonun loyihasi yuzasidan deputatlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.