Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Vengriya Bosh vaziri rafiqasi Aniko Levai hamda Qirgʻiz Respublikasi birinchi xonimi Oygul Japarova hamrohligida Varoshliget bogʻidagi Musiqa uyiga tashrif buyurdi.
Musiqa uyi 2022-yilda mashhur yapon meʼmori Sou Fudzimoto loyihasi asosida qurilgan madaniyat va taʼlim markazidir. Tashrif doirasida birinchi xonimlarga Vengriya xalq musiqasi ansambli tomonidan maxsus konsert dasturi namoyish etildi. Unda anʼanaviy vengr kuy-qoʻshiqlari bilan birga Markaziy Osiyo xalq kuylari ham ijro etildi. Bu xalqlar oʻrtasidagi madaniy yaqinlik va musiqiy merosdagi uygʻunlikning yana bir bor tasdigʻi boʻldi. Mehmonlarga Musiqa uyining qurilish tarixi va faoliyat yoʻnalishlari haqida soʻzlab berildi.
Birinchi xonimlar “Ovozli oʻlchamlar – vaqt va makondagi musiqiy sayohatlar” deb nomlangan doimiy koʻrgazmani koʻzdan kechirdilar. Ushbu interfaol ekspozitsiya 300 dan ziyod musiqiy parchalar asosida Yevropa va Vengriya musiqasi rivojining yetti asosiy bosqichini qamrab oladi.
Madaniy sayohat doirasida mehmonlar “ovozli gumbaz” – 360 darajali audiovizual installyatsiya bilan tanishdilar. Shuningdek, markazdagi konsert zallari, musiqiy taʼlim laboratoriyalari hamda ilgʻor akustik texnologiyalarga ega shourumlar ham katta qiziqish uygʻotdi.
Shundan soʻng Ziroat Mirziyoyeva Varoshliget bogʻida joylashgan, gotika, barokko va renessans uslublarini uygʻunlashtirgan Vaydaxunyad qasrida boʻldi.
Ushbu qasr binosida Vengriya Qishloq xoʻjaligi muzeyi joylashgan boʻlib, unda venger xalqining anʼanaviy dehqonchilik, uzumchilik, oziq-ovqat ishlab chiqarishga oid noyob eksponatlari namoyish etilmoqda.
Tashrif davomida madaniy meros, musiqa va tarix turkiy xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan omil ekani yana bir bor eʼtirof etildi.