“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi

    Xavfsizlik 28 Fevral 2023 6144

    Joriy yil 28-fevralda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi ishchi guruhining yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda senator, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda boshqa bir qator vazirlik va idoralar, OAV vakillari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

    Dunyoda buzgʻunchi toʻdalar va qoʻporuvchi-terrorchi guruhlarning faollashuvi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, siyosiy va millatlararo ziddiyatlarning keskinlashib borayotgani har birimizni sergaklik va ogohlikka chorlaydi.

    Zamonaviy geosiyosiy makonda yangicha tendensiyalar paydo boʻlayotgan, integratsiya jarayonlari jadal kechayotgan bir vaqtda dunyoning eng rivojlangan davlatlari chegara idoralari ham boshqa subyektlarning hamkorligisiz mamlakatning chegara xavfsizligini taʼminlay olmasligini eʼtirof etyapti.

    Shu bois bugun muhokama etilgan yangi tahrirdagi Qonun bilan Vatanimiz sarhadlarini himoya qilishga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralarning oʻz vakolati doirasida belgilangan vazifalarni bajarishida yuzaga kelayotgan qator muammo va tushunmovchiliklarga barham berilib, ularning oʻzaro hamkorligi masalalari aniq belgilab qoʻyilyapti.

    Qonun 9 ta bob va 73 ta moddadan iborat.

    Yigʻilishda Qonun tashabbuskori ishchi guruh aʼzolariga Qonun nimaga xizmat qilishi, unga kiritilayotgan yangiliklar haqida batafsil axborot berdi. Oʻz navbatida vazirlik va idoralar muhokama qilinayotgan Qonun boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

    Muhokamada ishtirokchilar tomonidan qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartirishlar bugungi kunda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish ustuvor yoʻnalishlardan biri ekanligi qayd etildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.