Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi vakolatlari kengaytiriladi

    Mamlakatimizda 24 Noyabr 2023 2720

    Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama etildi.

    Mamlakatimizda joriy yil katta siyosiy voqelik – Umumxalq Referendumi oʻtkazilib, uning yakunlariga koʻra, xalqimiz xohish-irodasi bilan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.

    Yalpi majlisda muhokama etilgan qonun ham yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan qoidalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.

    Kiritilayotgan oʻzgartirishlarga muvofiq Konstitutsiyaviy sud vakolatlari kengaytirilib, Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berishi belgilanyapti.

    Konstitutsiyaviy sud faqatgina oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi nazarda tutilgan.

    Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanishi mustahkamlanyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi hamda ularning bir xilda amalda boʻlishiga erishiladi.

    Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.