Oʻzbekiston rezidentlari AQSHda korxonalar tashkil etishi mumkin boʻladi

    Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHdagi Yuta shtatining Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHdagi Yuta shtatining Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda Oʻzbekiston – AQSH munosabatlari rivojida yangi bosqich boshlangani qayd etilgan. Shavkat Mirziyoyevning AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish toʻgʻrisidagi qarori ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim qadam boʻlishi taʼkidlandi.

    Shuningdek, Saida Mirziyoyeva endilikda Oʻzbekiston rezidentlari AQSHda korxonalar tashkil eta olishi haqida xabar berdi.

    «Endilikda Prezident farmoni bilan Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilib, uni muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, ushbu farmon asosida Oʻzbekiston rezidentlari Oʻzbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan mablagʻlarni AQSHda korxonalar tashkil etish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini mablagʻ bilan toʻldirish uchun erkin oʻtkazishlari mumkin boʻladi.

    Bu tadbirkorlarimizning tashqi iqtisodiy faolligini rivojlantirish, AQSH bilan investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekistonning ochiq, zamonaviy iqtisodiyot sifatidagi yangi imijini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadamdir», deb yozdi Saida Mirziyoyeva.