Uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi Hududlararo hamkorlikning II forumi doirasida imzolangan qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Tomonlar boʻlib oʻtgan tadbirning ahamiyatini yuqori baholab, Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga kutilayotgan tashrifining iqtisodiy kun tartibini amaliy mazmun bilan toʻldirishning samarali vositasiga aylanganini hamda hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga imkon yaratganini qayd etdilar.
Shuningdek, alohida loyihalarni amalga oshirishning borishi batafsil koʻrib chiqildi, mavjud masalalarni hal qilish mexanizmlari shakllantirildi hamda ularni oʻz vaqtida hayotga tatbiq etishga koʻmaklashish borasida navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Belgilangan vazifalarni bajarish hamda istiqbolli yoʻnalishlarda munosabatlarni izchil kengaytirish uchun muloqotni rivojlantirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash boʻyicha kelgusida hamkorlikda ish olib borishga sodiqligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.