Soʻnggi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligi misli koʻrilmagan darajaga koʻtarildi.
2022-yil 15-sentyabrda Samarqand shahrida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Oʻzbekiston hamda Rossiya oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladi. Hujjatni imzolash marosimi Rossiya rahbari rasmiy tashrif bilan boʻlgan Samarqand shahrida oʻtkazilgan samarali muzokaralar yakunlari boʻyicha boʻlib oʻtdi.
Samarqand deklaratsiyasi Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligi rivojida yangi bosqich boʻlib, oʻzaro aloqalarga, ayniqsa yaqin va dinamik tus berdi. Hujjat siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qator aniq yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari uchun Prezident Vladimir Putin tashrif chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Rossiyaning Aleksandr Nevskiy ordenini topshirdi.
Qayd etish joizki, Aleksandr Nevskiy ordeni bilan Rossiya bilan koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga koʻmaklashishda xizmat koʻrsatgan atoqli xorijiy siyosat va jamoat arboblari mukofotlanadi.
Rasmiy Toshkent va Moskva Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdan manfaatdor hamda global muammolarni hal etish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha bir-birining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Ayni paytda ikki mamlakat parlamentlari va hududlari oʻrtasida faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Tomonlar barcha darajalarda jadal va keng koʻlamli muloqot olib boryapti. Xususan, oʻzaro hamkorlikning uch bosqichli noyob tizimi: Bosh vazirlar darajasidagi qoʻshma komissiya, Hukumatlararo komissiya va uning quyi qoʻmitalari shakllantirildi. Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari oʻrtasida tizimli asosda samarali muloqot rivojlanib boryapti.
Ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik faol rivoj topyapti. Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha komissiya hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Federal Majlisning Davlat dumasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh tuzildi.
Qayd etish joizki, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi qonunchilik bazasi 350 dan ortiq hujjatlarni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston va Rossiya BMT, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa global hamda mintaqaviy tuzilmalar doiralarida yaqindan hamkorlik qiladi, bir-birining tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlaydi. BMT platformasida oʻzaro hamkorlik Bosh Assambleya kun tartibidagi asosiy masalalar va tomonlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar boʻyicha pozitsiyalarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi.
Rossiya tomoni BMTga aʼzo davlatlar tomonidan Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi yadro qurolidan xoli zona (MOYAQXZ) toʻgʻrisidagi Shartnoma boʻyicha pozitsiyasini keng qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashdi, MOYAQXZ boʻyicha Bosh Assambleyaning rezolyutsiyalarini qoʻllab-quvvatlashda izchil ishtirok etdi (ikkinchisi Bosh Assambleyaning 75-sessiyasida ovozga quyilmasdan qabul qilindi). Bundan tashqari, Rossiya Shartnomaga xavfsizlik kafolatlari toʻgʻrisidagi Protokolni imzoladi va ratifikatsiya qildi.
Rossiya, shuningdek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” (2018), “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot” (2019), “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish” (2021), “Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligi” (2022) va “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi (2022) rezolyutsiyalarni qoʻllab-quvvatladi va hammualliflik qildi.
Oʻzbekiston–Rossiya turli masalalar boʻyicha ikki va koʻp tomonlama formatdagi hamkorlikning muhim hamda dolzarb jihatlari boʻyicha ikki davlat tashqi siyosat idoralari oʻrtasida muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazib borilyapti.
Oʻzbekistonning 2021-2022-yillarda SHHTga raisligi davrida Rossiya tomoni oʻzbek tomonining deyarli barcha tashabbuslarini, xususan, transport aloqasi, turizm, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, raqamli savodxonlik, telemeditsina, SHHTda mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi va boshqa sohalarda hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha qoʻllab-quvvatladi.
Rossiya tomonining qoʻllab-quvvatlashi SHHT sammitining Samarqanddagi yakunlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi, natijada tashkilot faoliyatining turli yoʻnalishlari boʻyicha rekord darajadagi 44 ta hujjat qabul qilindi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar faol kengayib boryapti. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida oʻtgan yil yakuni va joriy yilning oʻtgan yetti oyida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsishi 20 foizdan oshdi. Shu bilan birga, oʻzaro tovar ayirboshlash tuzilmasi bugungi kunda 70 foizni yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar tashkil etadi. 2022-yilda Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida 967 ta korxona tashkil etilgan.
Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanyapti. Soʻnggi yillarda togʻ-kon va metallurgiya, yoqilgʻi-energetika, kimyo, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, toʻqimachilik va boshqa sohalarda 100 dan ortiq qoʻshma loyihalar amalga oshirildi.
2022-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Rossiya sammiti yakunlariga koʻra, mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalarida umumiy qiymati 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlari toʻplami imzolangan edi.
Sanoat-texnologik sheriklikni, birinchi navbatda, elektronika, farmatsevtika, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma Kompleks chora-tadbirlar rejasi qabul qilish uchun ishlab chiqilyapti.
Koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishda bevosita hududlararo aloqalar muhim oʻrin tutadi. Birgina joriy yilning birinchi yarmida ikki mamlakat mintaqaviy yetakchilarining 50 ga yaqin oʻzaro tashriflari amalga oshirildi.
2018-yil 19-oktyabrda Toshkent shahrida birinchi “Oʻzbekiston-Rossiya” mintaqalararo forumi boʻlib oʻtdi. Prezident Vladimir Putinning davlat tashrifi va Mintaqalararo forum yakunlari boʻyicha 136 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
2021-yil 17-noyabrda Moskvada ikkinchi forum boʻlib oʻtdi. Uning yakunlari boʻyicha, jami 9 milliard dollarlik 600 ga yaqin ikki tomonlama shartnomalar, jumladan, 7,4 milliard dollarlik 141 ta investitsiya loyihasi va 1,6 milliard dollarlik 455 ta eksport shartnomasi tuzildi.
4-oktyabrda Qozon shahrida uchinchi forum boʻlib oʻtdi, unda ham ikki tomonlama shartnomalarning muhim paketi imzolandi.
Boy va rang-barang madaniy-gumanitar hamkorlik tahsinga loyiq. Oʻzbekiston bugungi kunda Rossiya universitetlarining xorijiy filiallari soni boʻyicha yetakchi hisoblanadi. Soʻnggi toʻrt yil ichida mamlakatimizda Rossiyaning 11 ta yetakchi universitetlarining filiallari ochildi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Rossiya oliy taʼlim muassasalarining jami 14 ta filiali bor.
Sayyohlar almashinuvi jadal oshib boryapti. Bu yil Oʻzbekistonga kelgan rossiyalik sayyohlar soni pandemiyadan oldingi koʻrsatkichlardan oshib ketdi.
Sogʻliqni saqlash sohasi vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalarining oʻzaro tashriflari faol qoʻllab-quvvatlanib kelyapti. Ikki davlat teatrlari gastrollari, madaniyat kunlari oʻzaro asosda tashkil etilayotir. Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, Toshkent xalqaro kinofestivali va boshqa madaniy tadbirlarda Rossiyadan ijodiy guruhlar muntazam qatnashyapti.
Muxtasar aytganda, tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga sodiqdirlar va mamlakatimiz rahbarining Rossiya Federatsiyasiga bugun boshlanadigan rasmiy tashrifi ilgari erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirishga, xalqlarimiz manfaati uchun uzoq muddatli va koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya aloqalarini izchil mustahkamlashga xizmat qiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.









