Oʻzbekiston-Rossiya: Toshkentda sayyohlik forumi boʻlib oʻtdi

    Turizm 19 Noyabr 2021 983

    Oʻzbekiston-Rossiya mintaqalararo hamkorlikning ikkinchi forumi doirasida videokonferensaloqa formatida ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlik forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi rahbariyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosarlari, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimlarining turizm, sport va madaniyat masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston turizm assotsiatsiyalari mutasaddi rahbarlari va sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

    Rossiya delegatsiyasi tarkibida Rossiya Federatsiyasi Turizm boʻyicha Federal agentligi va Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi rahbariyati, Chelyabinsk viloyati va Qrim Respublikasi vazirlari, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari meriyasi vakillari, shuningdek, Rossiyaning sayyohlik uyushmalari, alyanslari va sayyohlik kompaniyalari tashrif buyurdi.

    Oʻzbekiston tomoni Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati va respublika turizm industriyasini rivojlantirish, pandemiya davrida xususiy sektorni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari, xorijiy mehmonlarni qabul qilishda yaratilgan shart-sharoitlar, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, sayyohlar xavfsizligini taʼminlash, turizm turlari, xususan, madaniy, ziyorat, gastronomik, qishki, etnik yoʻnalishlar kabi mavzularda taqdimot va maʼlumotlar taqdim etdi. Shuningdek, ishtirokchilar mamlakatimizning sayyohlik markazlari va qadimiy shaharlari bilan yaqindan tanishdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi turizm va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov taʼkidlaganidek, Rossiya Federatsiyasi Oʻzbekiston bilan turizm sohasida hamkorlikda yetakchi oʻrinlardan birini egallagan, hamda Rossiya fuqarolari respublikaga sayyoh sifatida juda faol tashrif buyuryapti. Rossiyadan Oʻzbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi yil sayin ortib borayotgani, 2019-yilgi pandemiyadan oldingi davrda ham bu koʻrsatkich 455 470 nafarga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    “Bugungi kunda mamlakatda sayyohlik salohiyatini targʻib qilish va buni Rossiyada ommalashtirish boʻyicha aniq choralar koʻrilyapti. Misol tariqasida, joriy yilda vazirlik vakillari va respublika turoperatorlaridan iborat delegatsiya Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Maxachkala va Grozniy shaharlarida “Oʻzbekistonga sayohat qil” nomli promo-tadbirini oʻtkazdi. Oʻzbekistonda NTV telekanalining “Poyedem poyedim”, “Moya planeta” telekanalining “Udivi menya” va boshqa koʻrsatuvlarini suratga olish ishlari olib borildi, shuningdek, bir guruh nufuzli trevel-blogerlar mamlakatning sayyohlik markazlariga tashrif buyurdi. Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning Rossiya sayyohlik bozoridagi targʻiboti davom ettirilmoqda. ATOR bilan hamkorlik doirasida Turizm va sport vazirligi Assotsiatsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri hamkori boʻlib, Rossiyaning sayyohlik kompaniyalari uchun maxsus lending, taʼlim va sertifikatsiya tizimini yaratish yoʻli bilan Oʻzbekiston Akademiyasi tashkil etilgan”,— dedi Oʻzbekiston Respublikasi turizm va sport vazirning birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov.

    Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimlarining oʻrinbosarlari Botir Shahriyorov va Botir Nurullayevlar tomonidan Buxoro viloyati misolida ziyorat turizmi salohiyati va Samarqand viloyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida taqdimot oʻtkazildi. Oʻzbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi Gulchehra Isroilova Oʻzbekiston va Rossiya sayyohlik kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari haqida soʻzlab berdi.

    Rossiya tomoni oʻzbekistonlik hamkasblarini Rossiyada turizm sohasini rivojlantirish dasturlari, pandemiya davrida turizm industriyasini tubdan oʻzgartirish, hududlarda sanoat, dam olish va tibbiyot turizmini rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.

    Rossiya delegatsiyasi vakillari Oʻzbekiston Turizm va sport vazirligiga Rossiya hamda Oʻzbekiston oʻrtasidagi turizm sohasiga oid munosabatlarni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi, shuningdek, Rossiya OAVlarining Oʻzbekistonga sayohati va suratga olish ishlari davomida koʻrsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston hamda Rossiyaning keng ommalashishiga, oʻzbek xalqining tarixi, madaniyati va anʼanalarini chuqurroq ochib berishga xizmat qiladi.

    Tadbirda Oʻzbekiston va Rossiya turizm sohasida hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega ekani, tomonlar yanada faol va keng koʻlamda hamkorlik qilishi zarurligi taʼkidlandi.

    Forum yakunlari boʻyicha tomonlar turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, turistlar oqimini koʻpaytirish, havo qatnovini qayta tiklash va kengaytirish, Oʻzbekiston sayyohlik maʼmuriyatlari va turizm sohasi vakillari oʻrtasida muntazam muloqot oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda Rossiya, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda Oʻzbekiston va Rossiya turizm biznesini yanada faolroq qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.