Oʻzbekiston Rossiya turizm forumida hamkor davlat sifatida ishtirok etadi

    Turizm 29 Iyul 2022 1336

    Oʻzbekiston 4–7-avgust kunlari Moskvada “VDNX” (Vыstavka dostijeniy narodnogo xozyaystva — xalq xoʻjaligi yutuqlari koʻrgazmasi) sanoat maydonida boʻlib oʻtadigan “Puteshestvuĭ!” (“Sayohat qil!”) turizm forumida hamkor davlat sifatida ishtirok etadi.

    Mazkur tadbir Roskongress jamgʻarmasi tomonidan Turizm federal agentligi (Rosturizm) va VDNX hamkorligida tashkil etilmoqda. Forum Rus Geografiya Jamiyati va Rossiya Turoperatorlari Assotsiatsiyasi (ATOR) koʻmagida boʻlib oʻtadi.

    Maʼlumot uchun, 2022-yil mart oyida turistlar oqimini birgalikda oshirish boʻyicha harakat rejasi imzolangandi. Xususan, Rossiya va Oʻzbekistonda Turizm yilini oʻtkazish, “Buyuk ipak yoʻli” turizm yoʻnalishini rivojlantirish va hokazolar rejalashtirilgan.

    “Biz forum tashkilotchilari sifatida bu yil Oʻzbekiston hamkor davlat ekanidan faxrlanamiz. Bu boy tarixga va qadimiy meʼmoriy obidalarga ega mamlakat. Soʻnggi yillarda koʻplab rossiyaliklar Oʻzbekistonni alohida eʼtirof etyapti. Forum mehmonlari Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylari, yoʻnalishlari va infratuzilmasi bilan yaqindan tanishadi. Bundan tashqari, ular Toshkentning eng yaxshi oshpazlari tomonidan tayyorlangan palovni tatib koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi, — dedi Roskongress jamgʻarmasi direktori oʻrinbosari Vladimir Zatinayko.

    Forumda Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways ” Milliy aviakompaniyasi, “OʻZSHAROBSANOAT” AJ vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari va hunarmandlar bilan birgalikda bir vaqtning oʻzida ikkita stendni taqdim etadi: biznes-stend hamda mamlakatimizning turizm salohiyati va madaniyatiga bagʻishlangan stend.

    Biznes-stend 55-pavilyonda joylashtirilib, unda mamlakatimizning yangi manzillari va sayyohlik yoʻnalishlari namoyish etiladi. Shuningdek, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti vakillari turizm sohasida taʼlim olish imkoniyatlari haqida soʻz yuritadilar. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bagʻishlangan stend 55-pavilyonga tutash hududda joylashtiriladi.

    Bu yerda Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan hunarmandlarning ishlari, oʻzbek milliy taomlari, sayyohlikning turli koʻrinishlari haqida maʼlumotlar taqdim etiladi, shu bilan birga, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan sharoblar degustatsiyasi (tatib koʻrish marosimi) va hunarmandchilik buyumlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari tashkil etiladi.

    Shuningdek, forum doirasida Rossiya Federatsiyasi davlat tashkilotlari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazish, Rossiya turizm sanoati subyektlari bilan B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish hamda yalpi muhokama va konferensiyalarda ishtirok etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.