Oʻzbekiston-Rossiya: Yagona raqamli makon

    Xalqaro hamkorlik 23 Sentabr 2021 899

    Moskvada “Rossiya temir yoʻllari” OAJ (“RJD” OAJ) Bosh direktori – boshqaruv raisi Oleg Belozyorov va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Boshqaruvi raisi v.b. Xusnutdin Xasilovning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar raqamlashtirish sohasidagi rivojlanish istiqbollarini hamda transport-logistika xizmatlari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

    Uchrashuvda ikki mamlakat temir yoʻllarida yagona raqamli makon yaratish va yagona texnologiyaga oʻtish, temir yoʻl tashuvlarining ishonchliligi va shaffofligini oshirish, yuklarni rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish, shuningdek, buning natijasida ikki mamlakat oʻrtasida yuk bazasini kengaytirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

    Ikki tomonlama uchrashuvda oʻrin olgan boshqa masalalaridan yana biri, Oʻzbekiston temir yoʻl transportini isloh qilish va transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik boʻldi.

    Mazkur muzokaralar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ delegatsiyasining Moskva shahriga boʻlgan uch kunlik ish safari doirasida boʻlib oʻtdi. Delegatsiya aʼzolari “RJD” OAJ kompaniyaning raqamli transformatsiyasi boʻyicha tajribasini oʻrganib chiqdi, “RJD” OAJning Tashishlarni boshqarish bosh markaziga tashrif buyurdi, Moskva Markaziy halqasining ishini tashkil qilish bilan ham tanishdi.

    Temir yoʻl kompaniyalari mutaxassislari Oʻzbekiston – Rossiya Agrologistika koridorini rivojlantirish va “Agroyexpress” tezlashtirilgan refkonteyner poyezdini ishga tushirishga qaratilgan amaliy harakatlarni muhokama qildi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.