Oʻzbekiston Rossiyaning olis hududlaridan sayyohlarni jalb etadi

    Joriy yil 7-avgustda Xabarovsk shahrida navbatdagi “Road show” turizm tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Tadbirdan koʻzlangan maqsad Rossiyada Oʻzbekiston turizm yilini ommalashtirish, hamda Rossiyaning olis hududlarida yurtimizning turizm salohiyatini targʻib etish va sayyohlar sonini oshirishdir.

    Tadbirda Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalamov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Xabarovsk oʻlkasi hukumat raisi oʻrinbosari Aleksey Dubov va Turizm vaziri Aleksandr Karev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonning eng diqqatga sazovor joylari, tarixiy shaharlari hamda yangi ochilgan turizm manzillari toʻgʻrisida tadbir ishtirokchilariga maʼlumot berildi.

    “Road show”da ishtirok etgan Oʻzbekiston va Rossiya turizm sohasi vakillari uchun B2B va B2G uchrashuvlari tashkil etildi, unda turizm operatorlari va hokimiyat organlari oʻrtasida muhim hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

    Tadbir ishtirokchilari ishbilarmonlik dasturidan tashqari oʻzbek oshxonasining turli taomlari va Oʻzbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.