O‘zbekiston sanoat mahsulotlari tojikistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi

    Hukumat 3 Iyun 2022 4188

    Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon Xiva gilam kombinatida bo‘ldi.

    Umumiy qiymati qariyb 22 million dollar bo‘lgan ushbu korxona Samarqanddagi “Sam-Antep-Gilam” kompaniyasi tomonidan 2020 yilda tashkil etilgan, o‘tgan yili loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilgan.

    Kombinatga Germaniya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 420 ta ish o‘rni yaratilgan.

    Bu yerda gilam, polipropilen ip va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ular AQSH, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistonga eksport qilinmoqda.

    Bu yil uchinchi bosqich - akril tolasidan kalava tayyorlash loyihasi amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,2 million kvadrat metrga yetdi. Mahsulotning 45 foizi chet elga sotilishi, yillik eksport 7 million dollardan oshishi kutilmoqda.

    Prezidentlar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini va shou-rumni ko‘zdan kechirdi.

    Shu yerda O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ham namoyish etildi. Turdosh tarmoqlar mutasaddilariga tajriba almashish, savdoni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.