Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Koreya importchilar assotsiatsiyasi oʻrtasida uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 22 Oktabr 2020 1148

    22-oktyabrda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Koreya importchilar assotsiatsiyasi (KOIMA) oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumot uchun: Koreya importchilar assotsiatsiyasi 1970-yilda Koreya Respublikasi hukumatining qarori bilan tashkil etilgan boʻlib, u koreyalik importchilar, distribyutorlar, xorijiy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar vakillari assotsiatsiyasi hisoblanadi. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi tovarlar, xom ashyo va xizmatlar importini yengillashtirishdir.

    Uchrashuv davomida ishtirokchilar oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlashni yana-da kengaytirish masalalari bilan tanishdilar.

    Shuni taʼkidlash joizki, ushbu uchrashuv ikki mamlakat tadbirkorlarini qoʻllab-quvvatlashga, xususan, xalqaro savdo uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonda 2020-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, koreys kompaniyalari kapitali ishtirokida 863 korxona mavjud boʻlib, Koreya Respublikasining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalarining umumiy hajmi 7 milliard dollardan oshdi.

    Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. 2020-yil 1-sentyabr holatiga koʻra oʻzaro savdo aylanmasi 1 milliard 449 million dollarni tashkil etdi. (2019-yilning shu davrida — 1,8 milliard dollar), shundan Oʻzbekiston eksporti 29 million dollarni tashkil etadi. (2019-yilning shu davrida — 64,7 million dollar), Koreyaning importi esa 1 milliard 420 million dollarni tashkil etdi. (2019-yilning shu davrida — 1,7 milliard dollar), deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.