Oʻzbekiston sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan TOP-7 mamlakatlar qatoriga kirdi

    Oʻzbekiston 2025-yilning yanvar sentyabr oylarida xorijiy sayyohlarni jalb qilish boʻyicha dunyo miqyosida eng yuqori oʻsish qayd etilgan TOP-7 davlatlar qatoriga kirdi.

    Bu haqda Turizm qoʻmitasi Butunjahon turizm tashkiloti (BMT Turizm) tomonidan eʼlon qilingan soʻnggi tahliliy maʼlumotlarga asoslanib maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro turistlar oqimi 2019-yil darajasiga nisbatan 73 foizga oshgan. Bu esa Oʻzbekiston turizmiga xalqaro maydonda berilayotgan ijobiy baho va olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasini koʻrsatadi.

    BMT Turizm reytingiga muvofiq, turistlar sonining 2019-yilga nisbatan oʻsish surʼatlari boʻyicha Oʻzbekiston Yevropa mintaqasida eng yaxshi natija qayd etgan davlatlar orasida 2-oʻrinni egalladi. Shuningdek, 2025-yilning dastlabki toʻqqiz oyida mamlakatga kelgan xalqaro turistlar soni 2024-yilga nisbatan 13 foizga oshib, Oʻzbekiston Yevropa mintaqasida eng yuqori oʻsish qayd etgan TOP–4 turistik yoʻnalishlar qatoriga kiritildi.

    BMT Turizm hisobotida taʼkidlanishicha, 2025-yil yanvar–sentyabr oylarida jahon boʻyicha xalqaro sayohatlar hajmi oʻrtacha 5 foizga oshgan va global turizm pandemiyadan keyingi barqaror tiklanish bosqichiga kirgan. Ushbu ijobiy tendensiyalar fonida Oʻzbekistonning natijalari mamlakatda olib borilayotgan uzoq muddatli va izchil turizm siyosati samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.

    Maʼlum qilinishicha, 2025-yilda Oʻzbekiston bir qator rekord koʻrsatkichlarga erishgan. Xususan, yilning dastlabki 11 oyida 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh mamlakatimizga tashrif buyurgan. Aprel oyidan boshlab esa tarixda ilk bor har oyda milliondan ortiq sayyoh qayd etilmoqda. Turistik xizmatlar eksportidan tushgan daromadlar 4,4 milliard AQSH dollaridan oshgan.

    Sayyohlar oqimining ortishi viza rejimining kengaytirilishi, transport logistikasining yaxshilanishi va xalqaro marketing faoliyatining kuchaytirilishi bilan bogʻliq ekani taʼkidlanmoqda. Shu bilan birga, yangi mehmonxonalar, sayohat kompaniyalari hamda turizm sohasi mutaxassislari sonining koʻpayishi mamlakat infratuzilmasini yanada mustahkamlamoqda.

    Anʼanaviy tarixiy yoʻnalishlar — Samarqand, Buxoro va Xiva bilan bir qatorda ekologik va gastronomik turizmga boʻlgan qiziqish ham ortib bormoqda. Bu esa Oʻzbekiston sayyohlik mahsulotlarining xilma-xillashuvini va mamlakatning global turizm bozorida raqobatbardoshligini oshirayotganidan dalolat beradi.