Xitoydagi eng nufuzli kundalik nashrlardan biri “Jenmin Jibao” gazetasining veb-sahifasida (“Jenmin jibao”-onlayn) Oʻzbekiston turizm salohiyati mavzusiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

Materialda Oʻzbekiston COVID-19 pandemiyasi sharoitida iqtisodiy qayta tiklanish uchun Osiyo mamlakatlarini sayyohlik rivojlanishini ragʻbatlantirishga chaqirgani maʼlum qilingan.

“Bu haqda “Yangi xavfsiz va sogʻlom turizm” mavzusida videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan Osiyo hamkorlik muloqotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining XVII yigʻilishida bayonot berildi”, deb yozadi nashr.

Tadbir chogʻida COVID-19 pandemiyasi sharoitida jahon iqtisodiyotini qayta tiklash, jumladan, turizm sohasini ragʻbatlantirishga faol tayyorgarlik koʻrish bosqichiga oʻtish uchun qatʼiy choralar qabul qilish va saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi.

Xitoy nashri taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatda sayyohlik industriyasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha majmuaviy chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi. Qayd etilganidek, sayyohlik qayta yoʻlga qoʻyilganidan keyin respublikaga kelgan xorijiy sayyohlar “turizmni yangi shaklda” – yana-da xavfsiz, yana-da rang-barang va yana-da individual holda koʻrishlari mumkin boʻladi.

“Ilgari xabar berilganidek, ziyorat sayyohligini rivojlantirish doirasida Oʻzbekistonda ziyoratchilarni eltish chogʻida 50 foizlik, havo qatnovlari geografiyasi kengaytirilgani va mamlakat aeroportlari jozibadorligi yaxshilangani uchun 30 foizlik chegirma taqdim etilgan”, deyiladi maqolada.

“Jenmin jibao”-onlayn, shuningdek, Oʻzbekiston 2021-yilda 1,7 million xorijlik va 7,5 million nafar ichki sayyohlarni jalb etishni rejalashtirganini qayd etgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.