Suhbat avvalida AQSh qonunchilari Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbarini mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga barham berilgani hamda “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasi va toʻqimachilik mahsulotlariga qoʻyilgan boykot olib tashlangani bilan qutladi. Ularning soʻzlariga koʻra respublika paxta sanoatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olti yil avval boshlangan tub islohotlar oʻz samarasini beryapti. Oʻzbekiston yengil sanoati mahsulotlarining jahon bozorlariga, shu jumladan, AQSH bozoriga chiqishi uchun misli koʻrilmagan shart-sharoitlar yaratilyapti. Ushbu tarixiy voqea pandemiya keltirib chiqargan mahsulot yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi, bu esa oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga jahon toʻqimachilik sanoatida oʻz oʻrnini egallash uchun noyob imkoniyat taqdim etadi, dedi AQSh qonun chiqaruvchilari.
Kongressmenlar parlamentlararo hamkorlik haqida gapirar ekan, boshqa qonun chiqaruvchilarni ham AQSH Kongressining Oʻzbekiston mustaqilligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan maxsus rezolyutsiyasi hammualliflari boʻlishga chaqirishni davom ettirishini taʼkidladi.
— “Hozirgi vaqtda bizda 21 ta ovoz bor va ushbu hujjat AQSh Kongressi tomonidan maʼqullanishi uchun bizni yana toʻrt nafar kongressmen qoʻllab-quvvatlashi kerak. Rezolyutsiya mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan qabul qilinishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishga tayyormiz”, — deb taʼkidladi T.Kelli.
Amerikalik qonun chiqaruvchi AQSH Kongressi Oʻzbekistonga nisbatan “Jekson-Venik” tuzatishini qoʻllashni tugatish haqidagi qonun loyihasini qabul qilishga sodiq ekaniga ham ishontirdi. Bu juda muhimdir, chunki bu ikki mamlakat oʻrtasida savdo sohasida kamsitmaydigan normal munosabatlar oʻrnatilishiga yordam beradi.
Kongressmen V.Gonsales hozirda 17 nafar kongressmen aʼzo boʻlgan AQSh Kongressidagi “Oʻzbekiston boʻyicha kokus”ning muhim ahamiyatga egaligini qayd etdi. V. Gonsales ushbu doʻstlik guruhi haqida gapirar ekan, koronavirus pandemiyasi davrida barcha kokuslar tarkibi kamaygan boʻlsada, faqat “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” safi kengayganini va hozirda u katta kuch bilan faoliyat olib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
AQSH Kongressidagi “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” rahbarlari bilan uchrashuv yakunida Oʻzbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari boʻyicha doimiy aloqalarni qoʻllab-quvvatlash va ikki mamlakat qonun chiqaruvchilarining oʻzaro tashriflari orqali parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.