Oʻzbekiston shafrani – BMB Zaʼfaron xalqaro sifat standartlariga muvofiqligini yana bir bor tasdiqladi

    Bu esa Oʻzbekiston mahsulotlarining jahon miqyosida salohiyati oshib borayotganidan dalolat beradi.

    Oʻzbekistonning BMB ZAʻFARON kompaniyasi Niderlandiyaning nufuzli Control Union Certifications tashkilotidan olgan USDA ORGANIC sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirib, oʻz mahsulotlari yuqori xalqaro standartlarga muvofiqligini yana bir bor tasdiqladi.

    Bu haqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.

    Yevropalik mutaxassislar tomonidan zaʼfaron plantatsiyalarida oʻtgan yilgi mahsulotni ekish, yetishtirish, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, terib olish, qayta ishlash va saqlash, qadoqlash jarayonlari toʻliq oʻrganib chiqildi. Mahsulot esa Yevropaning eng murakkab boʻlgan sinov laboratoriyalaridan bir necha marotaba muvaffaqiyatli oʻtdi.

    USDA ORGANIC – bu AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikat. Sertifikatlash faqat malakali va vakolatli USDA ORGANIC xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. USDA yoki Milliy Organik Standart mamlakat fuqarolarini sogʻlom va tabiiy organik mahsulotlar isteʼmoliga oʻtkazish uchun noyob milliy dasturning bir qismi sifatida qabul qilingan. Bugungi kunda USDA ORGANIC deb belgilangan mahsulotlar 100 foiz ekologik toza tabiiy ingrediyentlarni oʻz ichiga olishi kafolatlanadi.

    Shuningdek, AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA – Food and Drug Administration) Oʻzbekistondan AQSHga BMB Zaʻfaron brendi ostida zaʼfaron mahsulotini import qilishga ruxsat bergani muhim qadam boʻldi. Control Union Certifications tashkiloti (Niderlendiya) tomonidan berilgan USDA ORGANIC sertifikatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirildi.

    Ushbu yutuqlar BMB Zaʻfaron uchun eksport imkoniyatlarini kengaytirish va yangi xalqaro bozorlarga chiqish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Bu esa Oʻzbekiston mahsulotlarining jahon miqyosida salohiyati oshib borayotganidan dalolat beradi.