Oʻzbekiston shifokorlari Ozarbayjonda oʻtkazilgan transplantologiya kurslarida ishtirok etishdi

    Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Farg‘ona viloyatidan bir guruh shifokor va hamshiralar Ozarbayjon poytaxtidagi Respublika diagnostika markazida intensiv buyrak transplantatsiyasi kurslarida ishtirok etishdi.

    O‘quv davomida nafaqat Ozarbayjonda, balki xorijiy mamlakatlarda ham taniqli bo‘lgan tibbiyot fanlari doktori Rashad Sholan va uning hamkasblari transplantatsiya sohasidagi ilg‘or bilim hamda tajribalarini o‘zbekistonlik shifokorlar bilan o‘rtoqlashdilar.

    Ushbu kurslarning muhim jihati shundaki, O‘zbekiston vakillari nazariy bilimlar bilan birga amaliy tajriba ham orttirishdi. Xususan, vakillarimiz oltita buyrak transplantatsiyasi operatsiyasida bevosita ishtirok etishdi.

    O‘quv yakunida O‘zbekistondan kelgan shifokor va hamshiralarga tegishli sertifikatlar topshirildi.