Bu xaqida “Shimol-Janub xalqaro transport koridorini rivojlantirishga qaratilgan uchinchi ishchi guruh yigʻilishi”da maʼlum qilindi. Yurtimizdan ushbu loyihaga Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi vakil boʻldi.
Onlayn tarzda boʻlib oʻtgan uchrashuvda koridorga aʼzo davlat vakillari oʻzaro fikr almashdi. Oʻzbekistonning xalqaro loyihaga qoʻshilishi mamlakat iqtisodiyotida muhim voqea boʻlib, bu barcha hamkorlar uchun foydali ekani taʼkidlandi.
— Shimol-Janub koridori bir tomondan Yevropa Ittifoqidan to Suvaysh kanaligacha boʻlgan hududlarni qamrab olsa, ikkinchi tomondan, Yevropa Ittifoqidan to Hindiston, Pokiston portlarigacha yetib boradi, — deydi Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov. — Bu savdo yoʻlagi yirik loyiha boʻlib, uni tashkil etish boʻyicha 2000-yilda Rossiya, Eron va Hindiston oʻrtasida kelishuv imzolangan. 2002-yildan esa mazkur “yashil yoʻlak” rasman ochilgan. Hozirda dunyo boʻyicha oʻnlab davlatlar ushbu yashil yoʻlakka aʼzo.
Uzunligi 7200 km boʻlgan transport yoʻlagi Hindistondan Sankt-Peterburgga tovarlarni etkazib berish muddatini 30-40 foizga yoki 20 kunga qisqartirish imkonini beradi. Hozirda Bombeydan Moskvaga ushbu yoʻnalish boʻyicha etkazib beriladigan konteyner yuklari 30 kundan ortiq davom etmaydi va ularni Suvaysh kanali va Yevropa boʻylab Sankt-Peterburg orqali tashish oʻrtacha 45 kun davom etadi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, agar konteynerlarning yoʻnalishi va etkazib berish muddati 15 kunga qisqartirilsa, bir tonna yukni etkazib berish narxi ham kamayadi. Shimol-Janub transport koridorining potensial quvvati yiliga taxminan 15-16 million tonna yuk boʻlib, bu xarajatlarning 1,5-2 milliard dollarga kamayishini anglatadi.
Xoʻsh ushbu savdo koridori Oʻzbekistonga nima beradi? Mutaxassislarning aytishicha, bu birinchi navbatda, savdoni moliyalayatirishga yoʻl ochadi. Logistik jihatdan ham qator qulayliklar yaratadi. Bunday yoʻlaklar tez buziladigan tovarlarni yetkazish tezligini oshirib, transport harajatlarini kamaytiradi. Bir soʻz bilan aytganda, mahsulotni tezroq, sifatliroq va eng asosiysi, arzonroq yetkazish imkonini beruvchi bu loyiha tadbirkorlar uchun har tomonlama foydalidir.