Oʻzbekiston “Tadbirkor ayol” uyushmasi uchun Yevropada yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi

    Biznes 27 Oktabr 2020 2341

    Oʻzbekiston “Tadbirkor ayol” uyushmasi Benilyuks mamlakatlari bozorlariga kirishda xorijdagi vatandosh xotin-qizlar bilan hamkorlik qiladi.

    Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi bilan “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamkorligida “Oʻzbekiston: Yevropada yangi imkoniyatlar” mavzusida onlayn-muloqot tashkil etildi, Tadbirda Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi, Benilyuks mamlakatlari va Daniyada tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

    Muloqot avvalida xotin-qizlar jamiyatimizning faol aʼzosiga aylanib borayotgani qayd etildi. Xususan, Oʻzbekistonga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, yangi texnologiya va ilm-fan yutuqlarini olib kirishda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi vakillari munosib hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi.

    Konferensiya qatnashgan xorijdagi vatandoshlar “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Jamiyat aʼzolari boʻlgan xotin-qizlar goʻzallik sanoatidan tortib qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishgacha boʻlgan qator sohalarda faol ishtirok etayotgani qayd etildi.

    Onlayn-tadbirda ishtirokchilar keyingi videomuloqotlarni Yevropa bozorlariga chiqish uchun xorijiy mamlakatlarda joriy qilingan bojxona, soliq, sanitariya talablarini oʻrganish masalalariga bagʻishlash taklifini bildirdi.

    Muloqot davomida xorijdagi vatandoshlar Anna Boroshok, Dilorom Izamova, Durdona Qodirova “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda milliy mahsulotlarimizni Yevropa bozorlariga olib kirish, hamkorlar topishda amaliy yordam berishga tayyor ekanini taʼkidladi.

    Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi vakili Boburjon Rasulov oʻz chiqishida xorijiy davlatlar bozorlarini oʻrganish va maʼlumotlar almashishda biznes elchilarning yordami yuqori ekanini qayd etdi va xorijiy mamlakatlarda faol vatandoshlar orasidan Oʻzbekistonning biznes elchilarini tayinlash ishlarini yana-da faollashtirish taklifini ilgari surdi.

    Maʼlumot oʻrnida, hozirgi kunda dunyoning 16 mamlakatida Oʻzbekistonning biznes elchilari tayinlangan.

    Suhbat yakunida videomuloqotni muntazam ravishda va alohida yoʻnalishlarda oʻtkazish boʻyicha yillik reja — “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish, xorijdagi vatandoshlar va Oʻzbekistondagi tadbirkor ayollar muloqotini samarali tashkil qilish uchun “yagona platforma” yaratish, xorijiy hamkorlar topishda xorijdagi vatandoshlar imkoniyatlaridan foydalanish, chet ellarda mamlakatimiz biznes elchilarini tayinlashga kelishib olindi. Benilyuks mamlakatlarida yashaydigan vatandoshlar ishtirokida Oʻzbekiston savdo uylarini tashkil qilish va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlar koʻrgazmasini tashkil qilish boʻyicha takliflar maʼqullandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.