O'zbekiston ta'lim tizimi yangi bosqichga qadam qo'ydi

    — O'zbekistonda ta'lim sohasini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar biz, ziyolilarni, ayniqsa, xushnud etadi, — deydi Toshkent davlat texnikauniversiteti Qo'qon filiali direktori Sharif Po'latov.

    — Filialimiz Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan. Bu erda elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari, elektronika va asbobsozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, texnologik mashinalar va jihozlar, elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyasi yo'nalishlari bo'yicha bakalavrlar tayyorlanadi.

    Filialimizda navbatdagi o'quv yili uchun kvotalar soni oshirilgani ayni muddao bo'ldi. Kunduzgi ta'lim uchun 250 nafar, sirtqi ta'lim uchun 125 nafar talaba qabul qilinishi filialimiz nufuzi oshib borishiga hissa qo'shishi shubhasiz.

    Mustaqillik tantanalari arafasida Qo'qon mexanika zavodi huzurida Kasbga o'qitish innovasion markazi tashkil etilgani talaba va o'qituvchilarimiz uchun bayramga munosib sovg'a bo'ldi. Bu erda zamonaviy kasblarga o'qitishga mo'jallangan laboratoriyalarda mashinasozlik sanoati uchun detallarni komp`yuter texnologiyalari yordamida tayyorlash, raqamli dasturlash hamda elektr payvandlash texnologiyasi sohalarida innovatsion uslublarda darslar o'tish mumkin.

    Yaratilgan bu kabi shart-sharoitlar hozirdanoq o'z natijalarini bermoqda. Xususan, talabalarimiz tomonidan qilingan bir necha yangi ixtirolar uchun patentlar olishga erishyapmiz.

    Kam ta'minlangan talabalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida ijarada turuvchi talabalarga ijara pulini to'lab berish tizimi joriy etilishi nur ustiga nur bo'ldi. Biz ham mazkur o'quv yilida filial talabalariga engillik yaratish maqsadida Qo'qon avtotransport texnikumining 500 o'rinli yotoqxonasini ijaraga oldik. Shuningdek, talaba qizlar uchun filialning asosiy binosida joylashgan 100 o'rinli yotoqxona ajratildi. Albatta, bu kabi sa'y-harakatlarimiz ta'lim sifatini oshirishga yordam beradi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori yana bir ezgu amalga qo'l urishimizga asos bo'ldi. Qo'qon shahrida joylashgan 12-Mehribonlik uyida ta'lim-tarbiya ishlarini yaxshilash maqsadida turli to'garaklar tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqdik. Mazkur reja asosida o'quv yili davomida robototexnika, IT yo'nalishdagi to'garaklar faoliyatini yo'lga qo'yamiz.

    Talabalarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning g'ayrat-shijoatini ko'rib ishonch bilan ayta olamanki, Toshkent davlat texnika universitetining Qo'qon filialida etishib chiqqan mutaxassislar O'zbekistonimizning taraqqiyotida amaliy ishtirokchi bo'la oladi.