Shu maʼnoda bugungi kunda shiddat bilan oʻzgarayotgan murakkab geosiyosiy manzarada, Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyot, tinchlik va farovonlik sari dadil harakat qilayotgan davlat sifatida jahon hamjamiyatida tobora katta eʼtirof va hurmat qozonayotgani diqqatga sazovor. Keng qamrovli islohotlar, tashqi siyosatdagi ochiqlik va muvozanat tamoyillari asosidagi faoliyat mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlab, dunyoga tanitmoqda. Prezidentimizning “Baxt – intilganniki, gʻalaba – kurashganniki. Kelajakni mardlar, tarixni gʻoliblar yaratadi”, degan soʻzlari bugungi taraqqiyot yoʻlimizda bosh mezon boʻlib xizmat qilmoqda. Zero, oʻz taraqqiyot yoʻlini belgilab olgan Oʻzbekiston xalqaro maydonda tinchliksevar tashabbuslari, pragmatik yondashuvi va inson qadriyatiga asoslangan siyosati bilan alohida ajralib turmoqda.
Tarixan ikki buyuk daryo — Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida umrguzaronlik qilgan ajdodlarimiz tabiat injiqliklariga, zamon sinovlariga qarshi egilmas iroda bilan bardosh berib kelgan. Aynan shu iroda, aynan shu matonat tufayli Markaziy Osiyoning yuragi boʻlgan bu zamin qadimdan Buyuk ipak yoʻli markaziga aylandi, sharqu gʻarbni, shimol bilan janubni bogʻlagan ulkan savdo va madaniyat chorrahasi sifatida jahonga tanildi.
Bugun ham Oʻzbekiston qulay geografik joylashuvi, tarixiy merosi, boy madaniyati va kuchli inson resurslari bilan global iqtisodiy va siyosiy maydonning faol ishtirokchisiga aylanish yoʻlida qatʼiy qadamlar tashlamoqda. Bu yoʻlda tashqi siyosatdagi ochiqlik, mintaqaviy hamkorlik, koʻp tomonlama manfaatli aloqalar muhim oʻrin tutmoqda.
“Inson qadri uchun” tamoyili nafaqat ichki siyosatda, balki tashqi aloqalarda ham asosiy mezon boʻlayotir. Prezidentimizning xalqaro nashrlarda eʼlon qilinayotgan maqolalari, islohotlar borasidagi dadil tashabbuslari, xalqaro hamjamiyat bilan barqaror muloqoti yurtimizning yangi siyosiy imijini shakllantirmoqda.
Ozarbayjonlik shoir Akif Bagʻirovning “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi va “Oʻzbek kelayotir” qasidasida Prezidentimizning islohotchi, xalqparvar, dadil yetakchi sifatidagi obraziga yuqori baho berilgan. Bu esa Prezidentimizning xalqaro maydondagi faoliyati va tashabbuslari global miqyosda qanday eʼtirof etilayotganini koʻrsatadi.
2024-yilda Oʻzbekiston tomonidan 17 ta xalqaro tashrif, 140 dan ortiq xalqaro tadbir, 264 ta xalqaro bitim va 2 000 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilgani bu eʼtiroflarning amaliy ifodasidir. Xususan, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) doirasidagi faol ishtirok, bu tashkilot orqali ilgari surilgan 105 ta tashabbusning 80 dan ortigʻi amaliyotga joriy etilgani, SHHT davlatlari sarmoyasi asosida ishlayotgan 7,5 mingdan ortiq korxona — bularning barchasi Oʻzbekistonning mintaqaviy va global maydondagi rolini mustahkamlamoqda.
SHHT Oʻzbekistonga nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik, taʼlim, madaniyat sohalarida ham keng imkoniyatlar ochmoqda. Jumladan, SHHTning Toshkentdagi Mintaqaviy aksilterror markazi orqali terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashilmoqda. Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻli, “yashil” texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot kabi loyihalar milliy iqtisodiyotga yangi surʼat bermoqda.
“SHHT universiteti”, ilmiy almashinuv markazlari, Konfutsiy institutlari faoliyati yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Oʻzbekiston xalqaro maydonda masʼuliyatli hamkor sifatida tobora tan olinyapti.
Oʻzbekiston–Xitoy hamkorligidagi qiymati 60 milliard dollardan ortiq qoʻshma loyihalar, xususan, Fargʻona davlat universiteti huzurida Xitoyning Shansi arxeologik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Fargʻona–Shansi arxeologik tadqiqotlar markazi, madaniyat markazlari ochilishi va arxeologik ilmiy markazlar faoliyati mamlakatimizni yangi bosqichga olib chiqyapti.
Bugun dunyo Oʻzbekistonni barqarorlikni taʼminlay oladigan, oʻz soʻziga ega va masʼuliyatli xalqaro hamkor sifatida tan olmoqda. Oʻzbekiston yetakchisining tashqi siyosati va ilgari surayotgan tashabbuslari nafaqat iqtisodiy manfaat, balki inson qadri, tinchlik, taraqqiyot va umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilishga qaratilgan. Bu esa Oʻzbekiston tanlagan yoʻl toʻgʻri yoʻl, kelajak sari ishonchli qadamlar bilan ildamlayotgan milliy taraqqiyot yoʻli ekanini yaqqol namoyon etmoqda.
Bahodir ShERMUHAMMADOV,
pedagogika fanlari doktori, professor









