Oʻzbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli

    Mamlakatimizda 13 Aprel 2022 1925

    Joriy yil 13-aprelda poytaxtimizda “Oʻzbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusidagi ikkinchi forum boʻlib oʻtdi. Tadbir Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi hamda YEXHT bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Unda senatorlar va deputatlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, xalqaro tashkilot hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva nutq soʻzlab, soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

    Aytish joizki, shu kunga qadar respublikamizda bu sohada xalqaro huquq normalari va standartlarga muvofiq 2 ta qonun, 40 ga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilingan.

    Bugungi kunda parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajada boʻlib, 32 foizni tashkil etmoqda. Xotin-qizlarning boshqaruv lavozimidagi ulushi 27 foiz, siyosiy partiyalarda esa 44 foizga yetdi.

    Tadbirda aytib oʻtilganidek, Parlamentlararo ittifoqning 2021-yilgi “Siyosatdagi ayollar” xalqaro reytingida Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar orasida 45-oʻrinni egallab, top-50 talikdan joy olgan.

    Muhokamalar davomida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish va tashkil etishda ayol senator va deputatlarning ishtirokini kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini olib borish, bu jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini keng jalb etish masalasida ham soʻz yuritildi.

    Xususan, 2022-2026-yillarda mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirishga qaratilgan Milliy dastur va 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining joylardagi ijrosini samarali tashkil etish muhim ahamiyatga egaligi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.

    Forumda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish, ularni davlat boshqaruvi idoralarida qarorlar qabul qilish darajasida ishlashiga erishishga oid taklif hamda fikr-mulohazalar bildirildi, shuningdek, ishtirokchilar yangi gʻoyalarni koʻrib chiqish uchun toʻrtta yoʻnalishda muhokamani davom ettirdi.

    Xususan, mahalliy Kengashlarning yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari faoliyati samaradorligi masalalari, yoshlar parlamenti aʼzolarining mahalliy ijro organlari bilan samarali ishlashi tizimi, atrof muhit muammolarini hal etishda va ekologik siyosat yuritishda ayollarning oʻrnini oshirish masalalariga alohida urgʻu berildi.

    Forum yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar umumlashtirilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.