Xorijiy, respublikamiz yetakchi olim va mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari, ekspertlar, iqtisodchilar, yosh olimlar ishtirok etgan konferensiyada Oʻzbekistonning soʻnggi yillarda bosib oʻtgan rivojlanish yoʻli, respublikada amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlari tahlil qilindi. Soʻz olganlar mustaqillik mamlakatimizda chinakam demokratik parlamentni shakllantirishning siyosiy-huquqiy asosini yaratganini, bugungi kunda xalq manfaatlarini koʻzlab qonunlar qabul qilish uchun demokratik milliy parlament shakllantirilib, uning davlat hokimiyati organlari tizimidagi oʻrni va taʼsiri mustahkamlanganini taʼkidladilar.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov soʻzga chiqdi va mustaqillik mamlakatimizda demokratik milliy parlamentning shakllanishi va rivojlanishi uchun siyosiy-huquqiy asos yaratganini bildirdi. Bundan 30 yil avval Oʻzbekiston xalqi oʻz mamlakatida adolatli jamiyat, erkin va farovon hayot qurishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyganini aytib, bu jarayon rivojlanishning qiyin va ogʻir yoʻllarida kechganini, oʻzbek xalqi bu yoʻlni matonat va jasorat bilan bosib oʻtganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, istiqlol yillarida Oʻzbekiston Respublikasi suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egalladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda iqtisodiy, madaniy va maʼnaviy tiklanishning muhim jarayoni roʻy bermoqda. “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” atamalari paydo boʻlib, ular ham akademik jamiyatning kundalik hayotiga kirib kelgan.Konferensiyada 30 yil mobaynida 1079 ta qonun qabul qilingani, ularning 869 tasi amalda, 227 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilingani aytildi.
Harakatlar strategiyasining tarkibiy qismi sifatida 73 ta qonun qabul qilingani, birgina oxirgi besh yilda 300 dan ortiq qonun, 4 ta kodeks, 3 mingdan ortiq Prezident farmon va qarorlari qabul qilingani taʼkidlandi.Konferensiyada “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” tamoyili asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekistonda erishilayotgan natijalar hamda istiqboldagi vazifalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi Konstitutsiyamizga kiritilgan tuzatishlar Oliy Majlisning, siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari vakolatlarini yanada kengaytirgani qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.