Oʻzbekiston tarixida birinchi marta elektron qonun hujjati qabul qilindi

    Mamlakatimizda 1 Iyul 2020 2342

    Adliya vazirligining tashabbusi bilan 2019-yildan boshlab qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, vazirliklar va idoralar oʻrtasida kelishish elektron tizim (project.gov.uz) orqali amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilgan edi.

    Oʻtgan davr mobaynida 5874 ta loyihalar mazkur tizim orqali elektron tarzda kelishildi, shundan 5797 tasi vazirlik tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi.

    Ushbu sohada elektron tizimning joriy etilganligi ayniqsa pandemiya davrida oʻzining yaqqol samarasini namoyon etdi.

    Bugun qonun ijodkorligi sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etishning yangi bosqichiga oʻtilmoqda. 2020-yil 1-iyul kuni Oʻzbekiston tarixida ilk elektron hujjat qabul qilindi va Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Mazkur hujjat sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan boʻlib, unga asosan tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga retsept yozishda dori vositalarining savdo nomini emas, balki uning tarkibidagi taʼsir qiluvchi moddalarni yozish talab etiladi. Bu esa fuqarolarga tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini oʻzlarining xohshiga asosan sotib olishlariga imkoniyat yaratadi, shuningdek tibbiyot xodimlari oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiyaviy holatlarni, tibbiyot xodimlari va farmatsevtika kompaniyalari oʻrtasidagi noqonuniy kelishuvlarni oldini olishga xizmat qiladi.

    Elektron tizimning joriy etilishi bir qator qulaylik va yengilliklar yaratadi:

    – Adliya vazirligiga kiritilayotgan hujjat qogʻoz shaklida berilmaydi

    va muhr bilan tasdiqlanmaydi;

    – vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun elektron raqamli imzodan foydalaniladi;

    – hujjatlar bir vaqtning oʻzida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi;

    – hujjatlarni qabul qilish uchun alohida adliya vazirining buyrugʻi qabul qilinmaydi, ular unikal raqam berilgan holda elektron davlat reyestriga kiritiladi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi;

    – davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hujjatlar avtomatik ravishda Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) chop etiladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va davlat roʻyxatidan oʻtkazishning elektron tizimiga oʻtish “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirilgan muhim qadamlardan biri boʻlib, davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida qogʻozsiz hujjat almashinuvini kengaytirish, byurokratiyani qisqartirish, bu sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish va normativ hujjatlar qabul qilish jarayonini shaffof va tez amalga oshirishga xizmat qiladi.

    Adliya vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi