Oʻzbekiston tarixida ilk bor 400 ga yaqin mahkum afv etildi

    Mamlakatimizda 7 Dekabr 2022 2728

    Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan Prezident farmoniga koʻra mamlakat tarixida ilk bor 400 ga yaqin mahkum afv etildi.

    Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi maʼlum qildi.

    “Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor tuzalish yoʻliga qaytgan 400 ga yaqin mahkum afv etilmoqda. Bu haqdagi tegishli farmon bugun eʼlon qilinadi”, — dedi u.

    7-dekabr kuni prezident xalqqa anʼanaviy bayram tabrigi bilan murojaat qiladi. Televideniye orqali yubiley sana munosabati bilan maxsus tashkillashtirilgan tantanali konsert dasturi ham namoyish etiladi.

    “Konstitutsiya kuni milliy bayram sifatida butun mamlakat boʻylab keng nishonlanmoqda. Mehnat jamoalarida, mahallalarda va taʼlim muassasalarida, joylardagi hokimliklarda sanitariya-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan tantanali tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Faol fuqarolarga „Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 30 yil” koʻkrak nishonlari topshirilmoqda», — dedi Sherzod Asadov.

    Ayni vaqtda, uning qayd etishicha, Prezidentning 7-dekabrdagi ish jadvalida Konstitutsiya kuni munosabati bilan alohida tantanali marosim rejalashtirilmagan edi.

    Prezident matbuot kotibining qoʻshimcha qilishicha, “shu kunlarda Prezident huzurida mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun moʻljallangan aniq maqsad va vazifalarni ishlab chiqish, kelib tushgan taklif va tashabbuslarni muhokama qilish boʻyicha faol ish olib borilmoqda”.

    “Ular yaqin vaqt ichida Oʻzbekiston parlamenti va xalqiga yoʻllanishi rejalashtirilgan Murojaatnomadan oʻrin oladi. Prezident Murojaatnomada mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kelgusi yil uchun ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi, bir qator muhim islohotlar tashabbusi bilan chiqish qiladi”, — dedi Sherzod Asadov.