Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida soʻzga chiqdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Sentabr 2022 1660

    2022-yil 24-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi umumiy munozaralarida soʻzga chiqdi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari oʻz nutqida BMTning global va mintaqaviy muammolarni hal qilishdagi markaziy rolini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi. Shu bilan birga, Tashkilotning oʻzi ham sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarga samarali javob berish uchun rivojlanishi kerak.

    — Hech bir mamlakat global xavf va qiyinchiliklardan qochib qutula olmaydi yoki ularni yolgʻiz oʻzi hal qila olmaydi. Inqirozlarning xavfli spiralidan chiqish barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan konstruktiv muloqot va koʻp tomonlama hamkorlikda koʻrinadi. Dunyo yanada barqaror, bashorat qilinadigan va gullab — yashnashi uchun samarali xalqaro hamkorlik zarur,— dedi V.Norov.

    Tamaddunlararo va madaniyatlararo muloqotni oʻrnatish, barcha muammolarga izchil yondashuvlar va yechimlarni izlash, global keskinlik, noaniqlik va oldindan aytib boʻlmaydigan tahdidlarni bartaraf etish boʻyicha hamkorlik bugun zaruriyatga aylanib borayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabrda Samarqandda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamlik tashabbusini ilgari surdi.

    Uning maqsadi xalqaro munosabatlarda oʻzaro ishonch va barqarorlikni tiklashga koʻmaklashish, shuningdek, geosiyosiy raqobat, mafkuraviy qarama-qarshiliklar va tortishuvlardan xoli boʻlgan keng muloqotni yoʻlga qoʻyish orqali birdamlikni mustahkamlashdan iboratdir.

    2023-yili Samarqand forumida Oʻzbekiston Rahbarining tashabbusini amalga oshirish masalalarini birgalikda koʻrib chiqish taklif etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.