Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Filippin kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Filippinning “Liwayway Group” kompaniyasi direktorlar kengashi asoschisi va raisi Karlos Chan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    “Bugun Tashqi ishlar vazirligida “Liwayway Group” kompaniyasi direktorlar kengashi asoschisi va raisi Karlos Chan janoblari va uning jamoasi bilan uchrashishdan mamnunmiz, – deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram kanalida. – Filippindagi doʻstlarimizga mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildiramiz. Shuningdek, Oʻzbekiston -Filippin hamkorligining koʻplab istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildik”.

    Eslatib oʻtamiz, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonning Xitoydagi, bir vaqtning oʻzida oʻrindoshlik asosida Moʻgʻuliston va Filippindagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.