Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

    2024-yil 14-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    TIV rahbarlari ikki tomonlama aloqalar barcha yoʻnalishlarda misli koʻrilmagan darajada rivojlanayotganini taʼkidladilar. Suhbat chogʻida bugungi kunda mintaqaviy yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini namoyon etayotgan Markaziy Osiyoning har qachongidan ham koʻproq namuna boʻlayotgani qayd etildi. Muzokaralar yakunida boʻlajak oliy darajadagi muloqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.