Maqolada 10-dekabr kuni Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosati: surʼati, yutuqlari va istiqbollar” mavzusida davra suhbati oʻtkazilgani va unda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etgani xabar qilingan.
Tadbirda xalqaro maydonda Oʻzbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishning konseptual masalalari, mamlakat tashqi siyosiy faoliyatining bugungi va asosiy ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilinib, tashqi siyosat sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.
“Tadbirda soʻzga chiqqan mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rahbari tomonidan 2021-yil Oʻzbekiston va uning xalqaro munosabatlari uchun yorqin siyosiy voqealar va samarali diplomatik aloqalarga boy boʻlgani, oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi, asosiy tashqi siyosiy hamkorlar bilan ikki va koʻp tomonlama shakllarda muloqot jadal rivojlangani taʼkidlandi”, deyiladi maqolada.
Yangi yilda Oʻzbekiston tashqi siyosati strategiyasining asosiy maqsadi mamlakatning jadal va barqaror siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, dunyoviy va demokratik rivojlanishini taʼminlash boʻlib qolishi alohida urgʻulangan. Eng muhim vazifa – avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat boʻlishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻz nutqida Afgʻonistonga nisbatan jahon hamjamiyatining umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish, bunda mavjud vaziyatni xalqaro izolyatsiya va keng koʻlamli inqirozga olib bormaslikning muhimligini taʼkidlaganiga eʼtibor qaratilgan.
Oʻzbekiston tashqi siyosat strategiyasining asosiy xalqaro tendensiyalaridan biri – mintaqaviy hamkorlikni iqtisodiy oʻsish, davlatlarning modernizatsiya va barqaror rivojlanishi omiliga aylantirish, zamonaviy tahdidlarga javob berishga tayyorlikni kuchaytirishda oʻz aksini topadi, deb yozadi nashr muallifi.
“Davra suhbati ishtirokchilari Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman xalqaro maydondagi faolligi va ahamiyati sezilarli darajada yuksalib borayotganini alohida taʼkidladi”, - deyiladi maqola yakunida.