Oʻzbekiston Tayvandagi saylov boʻyicha bayonot bilan chiqdi

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi 13-yanvar kuni Tayvanda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlari yuzasidan bayonot berdi.

    "Oʻzbekiston tomoni Tayvanda boʻlib oʻtgan saylovlar bilan bogʻliq vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

    “Yagona Xitoy” tamoyilini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashimiz va Xitoy Xalq Respublikasi hukumati Xitoyning yagona qonuniy hukumati, Tayvan esa Xitoy hududining ajralmas qismi ekanligini yana bir bor maʼlum qilamiz.

    Oʻzbekiston Respublikasi ikki sohil oʻrtasidagi munosabatlarning tinch yoʻl bilan rivojlanishining qatʼiy tarafdori hamda XXR hukumatining Xitoyni birlashtirish yoʻlidagi barcha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi", deyiladi TIV bayonotida.