Prezident  taʼlim  muassasalari  agentligi  maʼlumotiga  koʻra,  kecha poytaxtimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan  tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Tantanali  marosimda Oʻzbekiston  Prezidentining  yoshlar,  fan,  taʼlim,  sogʻliqni  saqlash, madaniyat  va  sport  masalalari  boʻyicha  maslahatchisi  Abdujabbor  Abduvohidov 56-Xalqaro Mendeleyev  olimpiadasi doirasida dunyoning 16 mamlakatidan  iqtidorli  yoshlar  hamda  kimyo ilmining eng yirik namoyandalari Oʻzbekistonga  tashrif  buyurganini,  bu  tom maʼnoda maʼrifat va bilimlar bayramiga aylanganini taʼkidladi.

Prezident  taʼlim  muassasalari agentligi direktori Hilola  Umarova navbatdagi Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining yurtimizda  oʻtkazilishi mamlakatimiz tarixida alohida iz  qoldirganini  taʼkidladi.  Azaldan maʼrifatga beshik boʻlgan yurtimiz bugun yana bir bor ilm ahlini  birlashtirdi. 

Oʻtgan  bir  hafta  davomida  turli  mamlakatlardan tashrif  buyurgan  100  nafarga  yaqin  isteʼdodlar nafaqat oʻzaro kuch sinashishdi, balki bilim  va tajribalarini oshirishib, yangi  doʻstlar orttirishdi. Buyuk Ipak yoʻli  chorrahasida joylashgan Toshkent, Samarqanddagi qutlugʻ qadamjolarni  ziyorat  qildilar.

–  Bu yilgi  medal sohiblari orasida beshta davlat vakili bor,  –  dedi  Xalqaro  Mendeleyev  kimyo  olimpiadasi  tashkiliy  qoʻmitasining raisi,  Moskva  davlat universiteti  kimyo  fakulteti dekani Stepan  Kalmikov.  –  Qolaversa,  anʼanaviy  tarzda kuchli  natija koʻrsatayotgan jamoalar ham,  oltin  medal  sohiblari  orasida  yangi kelganlar ham bor. Ayniqsa,  Oʻzbekiston terma  jamoasini tabriklashni istar edim. Ayni  paytda  mamlakatda  taʼlim  sohasida  katta  islohotlar  amalga  oshirilmoqda.

Xalqaro  olimpiadaning   koʻplab ishtirokchilari oltin, kumush,  bronza  medallari,  maxsus  diplomlar,  sertifikatlar  bilan  taqdirlandilar.

Xalqaro  olimpiadaning  10  nafar  ishtirokchisi  -  rossiyalik    5  nafar  oʻquvchi,  Turkiya,  Isroil,  Belarusdan  bir  nafardan  oʻquvchi  oltin  medalga  munosib  topildi.  Ular  orasida Oʻzbekistondan  Prezident  taʼlim  muassasalari  agentligi  tizimidagi  Abu  Ali  ibn  Sino  nomidagi  ixtisoslashtirilgan  maktab  oʻquvchisi Azimjon Jamolov ham  birinchi  oʻringa  loyiq  topildi.  Olimpiadaning  mutlaq  gʻolibligiga hamda  Rossiya  Fanlar  akademiyasi  akademigi  Valeriy  Lunin  nomidagi  maxsus  pul  mukofotiga  rossiyalik  Ignatiy  Tarabrin  munosib  topildi.

Olimpiada Oʻzbekiston  terma  jamoasi jami  10  ta  medalni  (1ta  oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza) qoʻlga  kiritdi.