Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati Kritik minerallar institutining rasmiy aʼzosiga aylandi

    Xalqaro institutga aʼzolik Oʻzbekistonni global kritik minerallar elitasiga olib kirishda siyosiy va iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega.

    Bugun Oʻzbekiston kritik minerallar sohasida xalqaro maydonda shiddat bilan ilgarilamoqda. Bu jarayonlarda sohadagi yetakchi kompaniya — Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati mamlakatimizni global hamkorlikning muhim markazlaridan biriga aylantirmoqda. Xususan, TMK Kananada joylashgan Kritik minerallar instituti (CMI)ning rasmiy aʼzosiga aylandi. Bu haqda TMK matbuot xizmati xabar qildi.

    Buning ortida qanday strategik yutuqlar bor?

    Kritik minerallar instituti global miqyosdagi intellektual va strategik markaz. Unda dunyoning barcha mamlakatlaridan yigʻilgan sanoat gigantlari, hukumat vakillari, ilmiy markazlar va investorlar birgalikda kelajakning resurs xaritasini chizadi. Xususan, joriy yilda CMI tomonidan eʼlon qilingan 23 ta kritik minerallar roʻyxati butun dunyo texnologik rivojlanish va sanoat siyosatida “yoʻl xaritasi”ga aylandi.

    «Biz TMK uchun Kanada va AQSHdagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda koʻprik vazifasini bajarishimiz mumkin. Shuni aniq ayta olamanki, Shimoliy Amerika kompaniyalari uchun ham Oʻzbekiston kabi ishonchli hamkor kerak», — deydi CMI Bosh direktori Treysi Xyuz xonim.

    Xalqaro institutga aʼzolik Oʻzbekistonni global kritik minerallar elitasiga olib kirishda siyosiy va iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega.

    Jumladan, TMK endi:

    • AQSH, Kanada, Avstraliya, Yevropa va Osiyo davlatlarining resurs strategiyalari boʻyicha ishonchli manbadan tezkor maʼlumot olishga;
    • Oʻzbekiston konlarida mavjud boʻlgan noyob elementlarni xalqaro taʼminot zanjirlariga kiritish imkoniyatiga;
    • Texnologiya transferi va investitsiyalar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri platformaga;
    • Har haftalik bozor tebranishlari, siyosiy qarorlar va texnologik yangiliklar tahlil qilingan “Kritik minerallar hisoboti”ga ega boʻldi.

    Bu aʼzolik orqali TMK endi nafaqat Oʻzbekiston manfaatlarini ilgari suradi, balki mintaqaviy barqarorlik va global taʼminot xavfsizligi masalalarida ham oʻz fikrini bildirish imkoniyatiga ega boʻladi.