Oʻzbekiston tibbiyot xodimlari chet tillariga oʻqitish orqali Britaniya shifoxonalariga ishga jalb qilinadi

    Oʻzbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtayi nazaridan oʻsish imkoniga ega boʻlishi mumkin.

    Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Britaniyaning “NEU Professionals” rekruting agentligi, Qirollik hamshiralik kolleji, Koventri universiteti va “Mutaxassis til kurslari” markazi vakillaridan iborat delegatsiyaning Oʻzbekistonga amaliy safari tashkil etildi.

    Safar davomida britaniya tomoni Oʻzbekiston Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand shahridagi “Medicon” universitetida uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Olib borilgan muzokaralar natijasida, oʻzbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot sohasi vakillarini chet tillariga oʻqitish orqali Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarga ishga qabul qilish hamda 3 ming AQSH dollari miqdorida oylik maosh toʻlash boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, “NEU Professionals” rekruting agentligi vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida ish beruvchi talabi, ushbu yurtda ishlash tartibi batafsil tushuntirildi.

    Britaniya tomoni oʻzbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari, jumladan hamshiralar oʻrta tibbiy xodim sifatida faoliyat yuritish bilan cheklanib qolmasligi, balki qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtayi nazaridan oʻsish imkoniga ega boʻlishini taʼkidladi.

    “NEU Professionals” rekruting agentligi 2013-yil chet ellik tibbiyot mutaxassislarini Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti shifoxonasi va boshqa tibbiyot muassasalari uchun yollashga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya xorijdan tibbiyot mutaxassislarini Angliya va Uelsga yetkazib berish bilan shugʻullanmoqda.