Oʻzbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqi davlatlarining Oʻzbekistondagi elchilari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Iyul 2022 1525

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Yevropa tomoniga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, mamlakatning asosiy qonunchiligiga taklif etilayotgan oʻzgartirishlarning mazmuni va mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlik keng koʻlamli, oʻzaro manfaatli yoʻnalishlar boʻyicha izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning yaqinda imzolanganini olqishladilar.

    Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston-Yevropa hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama etildi. Yevropa tomoni oʻzaro savdoni diversifikatsiya qilish, shuningdek, Oʻzbekistonda professional taʼlim sohasini rivojlantirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

    2022-yil noyabr oyida Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklida oʻzaro bogʻliqlik masalalariga bagʻishlangan vazirlar anjumani va tashqi ishlar idoralari rahbarlarining uchrashuvini muvaffaqiyatli oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

    Yevropa tomoni 2022-yilning ikkinchi yarmida Chexiyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligining ustuvor yoʻnalishlarini taqdim etdi, unda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.