Oʻzbekiston TIV rahbari “SHHT: oʻtmish, bugun, kelajak” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 30 Iyun 2022 1140

    2022-yil 29-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov videokonferensaloqa shaklida SHHT Xartiyasi qabul qilinganining 20 yilligi bagʻishlangan va “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma” imzolanganining 15 yilligi munosabati bilan “SHHT: oʻtmish, bugun, kelajak” mavzusida tashkillashtirilgan davra suhbatida ishtirok etdi.

    Tadbirda, shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, SHHT Bosh kotibi Chjan Min, SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi direktori Rustam Mirzayev, Pekindagi diplomatik missiyalar rahbarlari, yetakchi ilmiy-tahliliy muassasalar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

    V.Norov oʻz nutqida SHHT Nizomi unda mujassamlangan “Shanxay ruhi” tufayli vaqt sinovidan oʻtib, oʻzining birlashtiruvchi kuchini namoyon etganini qayd etdi.

    Hujjatda har bir davlatning tarixiy tajriba va milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanish yoʻlini oʻzi tanlash huquqi tasdiqlangani, bir-birini rivojlantirish va toʻldirish uchun oʻzaro manfaatdorlik meʼyori mustahkamlangani alohida taʼkidlandi.

    Nizomda mustahkamlangan konsensus asosida qarorlar qabul qilish modeli Tashkilotning barcha aʼzolarining mutlaq tengligidan dalolat berishi taʼkidlandi.

    Tadbir ishtirokchilariga tashkilotga raislik doirasida Oʻzbekiston tomonidan Nizomda belgilangan maqsad va tamoyillarni ilgari surish, SHHT faoliyatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni faollashtirish, xalqaro maydonda tashkilot nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.